Tehron koronavirusga qarshi kurashda Rossiyadan yordam so‘radi. “RIA Novosti”ning xabar bershicha, bu haqda Eronning Rossiyadagi elchisi Kozim Jaloliy ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, Eron nafaqat Rossiyadan, balki boshqa barcha mamlakatlar, shu jumladan, “hamfikr” davlatlardan gumanitar yordamni qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Avvalroq AQSh koronavirusga qarshi kurashda Eron hukumatiga yordam taklif qilgan, Tehron esa Vashingtonning bu yordamini rad etib, uni targ‘ibot ishi deb hisoblagandi.
“Butun dunyo uchun epidemiyaga aylangan va ko‘plab davlatlarda tarqalgan koronavirusga qarshi kurashda keskinlik va xalqaro hamkorlik zarur, ko‘z-ko‘z qilinadigan harakatlar emas”, — degan o‘shanda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Musaviy.
Xabarda aytilishicha, 29-fevral, shanba kuni, Eronning Bender-Abbos shahrida mahalliy aholi koronavirusga chalingan bir necha kishi olib kelingan kasalxonani yoqib yubormoqchi bo‘lgan.
Ayni paytda Eron kasallikka chalinganlar soni bo‘yicha Xitoy (80 151), Janubiy Koreya (4335) va Italiya (2036)dan keyingi o‘rin egallab turibdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 1,5 ming kishi koronavirusga chalingan, 66 kishi vafot etgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining taxmin qilishicha, Eronda kasallanganlar soni hozirgacha ma’lum holatlarga qaraganda ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.
Umumiy hisobda dunyoda 90 370 kishi koronavirusga chalingan.
Izoh (0)