Ukrainada birinchi marta koronavirus bilan kasallanish holati aniqlandi. “RIA Novosti”ning xabar berishicha, kasallangan erkak Italiyadan Ruminiya orqali kelgan bo‘lib, hozirda Chernovsi shahridagi kasalxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, erkak o‘z rafiqasi bilan birga Rumiyaning Suchava shahridagi aeroportdan qaytayotganida shifokorlar ularning tana haroratini tekshirgan. Tekshiruvdan so‘ng ularga Ukrainaga ketishga ruxsat berilgan.
Vataniga qaytgach, ular yana tekshiruvdan o‘tkazilgan va kasallik alomatlari topilmagan. Shunga qaramay, er-xotin o‘z xohishi bilan kvartirasida karantin saqlashga qaror qilgan. Oradan bir necha kun o‘tgach erkakda kasallik belgilari paydo bo‘lgan va u kasalxonaga yotqizilgan.
Avvalroq Xitoydan qaytgan Ukraina fuqarolari o‘tirgan avtobus tosh bo‘ron qilingani xabar berilgan edi. 20-fevral kuni Xitoydan evakuatsiya qilingan Ukraina fuqarolari Poltava viloyatining Noviye Sanjari qishlog‘idagi karantin tibbiyot markaziga olib borilgan. Ular kirib kelayotgan vaqtda qishloq aholisi yo‘llarni to‘sib, karantin hududiga kelayotganlarni kiritmaslikka uringan, oqibatda olomon va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgandi.
Zelenskiy qishloq aholisining bu harakatini Yevropa o‘rta asrlar tarixiga xos deb baholagandi.
Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Oleg Lyashko 3-mart, seshanba kuni, Noviye Sanjari qishlog‘ida karantinda ushlab turilgan fuqarolarda infeksiya aniqlanmagani, 5-mart, payshanba kuni, kuzatuv muddati tugab, uylariga javob berilishini ma’lum qilgan.