Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani aholisi yangi qurgan uylari buzib tashlanishiga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani “Qoratepa” MFY hududidagi G‘alaba ko‘chasida yakka tartibdagi xonadonlar soni 63 tani tashkil etib, ishchi guruh tomonidan o‘rganilganda ushbu xonadonlardan 18 tasi sug‘oriladigan yer maydonlarida o‘zboshimchalik bilan qurilganligi aniqlangan.
Aniqlangan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 18 ta noqonuniy qurilma bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan FIB Zangiota tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, shundan 4 tasini majburiy buzdirish yuzasidan sud qarorlari chiqib, Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
2020-yil 5-fevral kuni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari va noqonuniy qurilmalarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha tuman mutasaddi tashkilotlaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan yuqoridagi manzilda nazorat tadbiri o‘tkazilgan hamda ushbu jarayon fuqarolar tomonidan mobil aloqa vositalari orqali videotasvirga olingan.
Bugungi kunda qolgan 14 ta da’vo arizalari FIB Zangiota tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh (0)