O‘zbekiston iste’molchilar huquqini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 2019-yilda iste’molchilar foydasiga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni undirib bergan. Bu haqda federatsiya tomonidan “Daryo”ga ma’lum qilindi.
Xabar berilishicha, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari hamda tuman, shahar jamiyatlariga 2019-yilda iste’molchilardan jami 10261 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 5096 tasi og‘zaki, 3519 tasi yozma, 1646 tasi esa elektron shaklda yuborilgan.
Federatsiyaga kelib tushgan 1646 ta elektron murojaatning 1408 tasi “Prezidentga murojaat portali”, 233 tasi Davlat xizmatlari yagona interaktiv poratli orqali Bosh prokuratura tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun yo‘llangan.
Jumladan, 2019-yilda fuqarolarning murojaatlarini o‘rganib, sohalar kesimida tahlil qilinganda iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarning katta qismi savdo sohasiga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, quyidagi sohalar bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushgan.
- savdo sohasi — 3991 ta;
- gaz ta’minoti — 865 ta;
- elektr ta’minoti — 1228 ta;
- suv ta’minoti — 534 ta:
- kommunal xizmatlar — 472 ta;
- sog‘liqni saqlash — 178 ta;
- xizmat ko‘rsatish (servis) — 878 ta;
- transport — 301 ta;
- aloqa va internet — 299 ta;
- boshqa sohalar — 1516 ta.
Izoh (0)