Shu yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekistondagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tdi. Bu haqda 16-yanvar, payshanba kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.
Mazkur 10 ta oliy ta’lim maskani uchun sinov davri ikki yil etib belgilangan. Qolgan oliy o‘quv yurtlari ham asta-sekin shu tizimga o‘tadi.Qayd etilishicha, o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimining joriy etilishi oliy ta’limning budjet mablag‘larining ajratilishini kamaytirmaydi, aksincha Hukumat iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan malakali mutaxassislarni tayyorlashda investor bo‘lib qoladi.O‘zini o‘zi moliyalashtiradigan OTMlar faoliyati shaffof bo‘lishiga hamisha katta ahamiyat qaratiladi. Ularning yil davomida xizmat ko‘rsatish, tovarlar xarid qilish va boshqa xarajatlariga sarflanadigan mablag‘lari, daromadlari biznes-reja ko‘rinishida oliygohlar qoshida tuzilgan vasiylik kengashlariga taqdim etiladi. Vasiylik kengashi a’zolari tarkibida jamoat vakillari ham bo‘lib, ular oliy o‘quv yurti amalga oshiradigan ishlar rejasini tasdiqlashadi.
Bundan tashqari, ochiqlikni ta’minlash, to‘lov-kontrakt narxlarining keskin oshib ketmasligi, qo‘shimcha mablag‘ topish maqsadida mavjud imkoniyatlarga zid ravishda ortiqcha qabulning amalga oshirilmasligi, eng muhimi, sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun ichki audit tomonidan va tegishli davlat tashkilotlar bilan hamkorlikda monitoring olib borilib, qat’iy nazoratga olinadi.
Yangi tizim bo‘yicha ishlaydigan OTMlarga professor-o‘qituvchilar, ishga jalb etilgan mutaxassislarni rag‘batlantirish, uning turlari va miqdorini belgilash, vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va qabul kvotalariga o‘zgartirishlar kiritish vakolatlari berildi. Shuningdek, to‘lov-kontrakt miqdorini ham oliygohlarning o‘zi o‘qitish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilaydi. To‘lov-kontrakti asosida ta’lim olayotgan talabalarning kontrakt to‘lash muddatlari tomonlar kelishuviga ko‘ra shartnoma asosida belgilanadi.
Ushbu imkoniyatlar oliy ta’lim tizimi xodimlari nufuzini oshirishga, mehnatga munosib xaq to‘lash orqali OTMlarga yosh iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni jalb etib, sohada sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirishga xizmat qiladi.
Sarvarxon Buzrukxonov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari
2020-yildan yangi tizimda faoliyat boshlagan OTMlar qariyb 17 ming nafar talabani o‘qishga qabul qilishi kutilmoqda. Bu 2019-yildagi ko‘rsatkichdan 20 foiz ko‘p demakdir.
Eslatib o‘tamiz, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan 10 ta oliy ta’lim muassasasi quyidagilar bo‘lib, ularni tanlash jarayonida OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnik bazasi yetarli darajadaligi, ta’lim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi inobatga olingan.
- Samarqand davlat chet tillar universiteti;
- Samarqand iqtisodiyot va servis instituti;
- Toshkent davlat yuridik universiteti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
- Toshkent moliya instituti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik instituti;
- Toshkent farmatsevtika instituti;
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Urganch davlat universiteti;
- Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.
Izoh (0)