Amsterdamdagi namoyishda 10 metr balandlikdan yiqilib, jarohat olgan o‘zbekistonlik gimnastikachi Kristina Vorobyova bo‘yin umurtqasi ikki bor operatsiya qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozib qoldirgan.
“Men orqa miya jarohati va bo‘yin umurtqasida ikkita operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Umurtqalararo diskni olib tashlab, titandan yasalgan boltli plastina o‘rnatishdi. Hozircha oyoqlarimni sezmayapman va o‘ng qo‘limda muammo bor”, — degan u.
Kristina Vorobyova jonlantirish bo‘limida 5 kun yotgan, 7-yanvar kuni esa palataga olingan. Uning aytishicha, Rustem Osmanov boshqa shifoxonada va unda “hammasi joyida”.
“Shifokorlardan yakuniy xulosa olganimizcha yo‘q. Buning uchun vaqt kerak, chunki bu yengil holatlardan emas”, — deydi Kristina Vorobyova
Avvalroq Madaniyat vazirligi esa Amsterdamda yiqilgan o‘zbekistonlik akrobatlarning ahvoli og‘ir emasligini bildirgandi. O‘zbekiston TIV esa vaziyat Benilyuks davlatlaridagi elchixona nazoratiga olingani va zarur yordamni ko‘rsatish uchun konsullik bo‘limi xodimi Amsterdam shahriga jo‘nab ketganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, baxtsiz hodisa 3-yanvar kuni Niderlandiya poytaxtidagi “Karre Amsterdam” teatrida tashkil etilgan tomosha vaqtida yuz bergan. Rustem Osmanov Kristina Vorobyovani bir qo‘li bilan ushlab, ikkinchisini bo‘shashtirganda ular birgalikda 10 metr balandlikdan yiqilgan.
Izoh (0)