Oliy Majlis palatalari tomonidan 14-sentabrda “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror qabul qilingan, ushbu qarorning Nizomi bilan oilaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha yangi tartib o‘rnatilgan edi.
Nizomda nazarda tutilgan talablar 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirdi. Unga ko‘ra,
- to‘y, oilaviy tadbirlar, ma’raka va marosimlar (dafn marosimidan tashqari) faqat 1 kun bo‘ladi;
- ular soat 6:00—23:00 oralig‘ida o‘tkazilishi lozim;
- to‘ylarda 200 nafargacha, oshda 250 nafargacha odam qatnashishi mumkin;
- qo‘shaloq to‘yda 250 nafar, oshda esa 300 nafargacha odam qatnashishi mumkin;
- kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishida 3tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish mumkin;
- dafn marosimlarida cheklanmagan odam qatnashishi mumkin (marhum xotirasiga bag‘ishlab yoziladigan ehson dasturxoni bundan mustasno);
- diniy ma’ruzar belgilangan tartibda ruxsat olgan shaxslar tomonidan o‘qiladi;
- “kelin navkari”, “charlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish”, “pul sochish” va hokazo ishlarni o‘tkazish mumkin emas;
- “yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni o‘tkazish mumkin emas;
- to‘yxona, kafe va restoranlarda 50 nafar va undan ortiq shaxslar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish uchun albatta shartnoma tuziladi;
- tadbirlardagi boshlovchi (tamada, o‘rtakash) san’atkor, xonanda, videochi, fotograf va boshqalar bilan shartnoma tuzilishi lozim;
- tadbirlarda 2 nafardan ortiq xonanda (guruh) xizmat qilishi mumkin emas.
Agar qonun muhokama uchun e’lon qilingan tahririda qabul qilinsa, u holda To‘y va marosimlar o‘tkazish nizomini buzgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (1-yanvar holatiga ko‘ra — 2,23 million so‘m), marosim o‘tkazilgan joy egalari esa 30 barobari (6,69 million so‘m) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo esa dabdabali to‘y qilayotganlarga shunchaki jarima solish bilan cheklanmay, ularni xalq oldida sharmanda qilishni ham taklif etgan edi. Keyinroq uning o‘zi to‘y-marosimlarga faqat ikki san’atkor chaqirilishini nazarda tutuvchi tartibni san’atkorlar ishtirokida qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi haqida fikr bildirgan.