Namangan shahrida bugun, 31-dekabr kuni 4 tonnalik palov tayyorlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Shahardagi Bobur bog‘i markazida o‘rnatilgan va Gul bayramida megasumalak pishirilgan 7 tonnalik ulkan qozon atrofida bir kun oldin hozirlik boshlandi. Taomni tayyorlashga 12 nafar oshpaz jalb etildi.
— 1 tonna gurunch va shuncha sabzi, 600 kilogramm go‘sht, 400 kilogramm yog‘ soldik. Osh mazali chiqishi uchun 50 kilo dumba yog‘i, 20 kilo ot yog‘i, 20 kilo zig‘ir yog‘i aralashtirildi. Yana buning ichida 50 kilogramm no‘xot, shuncha mayiz, 20 kilogramm zirk va shuncha murch, 15 kilogramm zira ham bor. Mas’uliyat katta, lekin ustazoda oshpazlarmiz, bismilloni aytib, sahar soat ikkilarda qozon atrofida ish boshladik, — deydi oshpaz Toyyibjon Muhiddinov.
31-dekabr kuni soat 11:00 ga yaqin 4 tonnali palov tayyor bo‘ldi. Maxsus idishlarga solingan osh Mehribonlik, Saxovat uylari, shahardagi masjidlar, kasalxonalar, 100 dan oshiq mahalladagi ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.
Bobur bog‘idagi 7 ta manzilda shahar aholisi va mehmonlar palovdan bahramand bo‘ldi.
Nuroniylar osh ustida duo qilib, ehson bilan boshlangan Yangi yil yurt uchun fayzli-barokatli kelishi tilagini bildirdi.