Radikal kayfiyatdagi “Tolibon” harakati jangarilarining Afg‘oniston shimolidagi Qunduz, Balx va Tohar viloyatlaridagi ketma-ket hujumlari oqibatida kamida 23 nafar afg‘on harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “TASS”.
1TV telekanali axborotiga ko‘ra, Qunduzdagi nazorat-o‘tkazish punktlaridan biriga “Tolibon” jangarilari tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida sakkiz harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Yana to‘rt kishi yaralangan.
Tohar viloyatining Darkad nohiyasida esa “Tolibon” tarafdorlarining hujumi oqibatida yetti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, ayni vaqtda jangarilarning 11 nafari yo‘q qilingan.
Avvalroq Tolo News telekanali Balx viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktida yuz bergan hujum oqibatida sakkiz nafar politsiya xodimi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan edi.