Bugungi kunda turk tillari guruhiga kiruvchi millatlar orasida o‘z mustaqil davlatiga egalari ham bor: Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston. Shuningdek, milliy hududiga ega bo‘lsa ham, muxtor respublika, o‘lka yoki viloyat tarzida boshqa bir davlat tarkibida yashayotganlari ham bor. Ana shunday turkiy tilli millatlardan biri gagauzlardir. Bu xalq milliy hududiga ega – bu Moldova tarkibidagi muxtor respublika hisoblanadi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh taniqli gagauz ziyolisi, Gagauziya madhiyasi muallifi Fyodor Zanet bilan suhbatlashdi.
Gagauzlar 1989–1990-yilgacha Moldova SSR tarkibida yashagan, ammo SSSR davrida ularning ma’muriy tuzilmasi muxtor respublikasi bo‘lmagan. 1989–1993-yillarda ro‘y bergan milliy uyg‘onish davrida bu xalq o‘z muxtor respublikasiga ega bo‘ldi.
Ularning Moldova hududiga kelib o‘rnashishini ko‘pchilik tarixchilar XV-XVI asrlarda Usmonli imperiyasining Bolqonda hamda hozirgi Moldova va Ukrainaning katta qismida hukmronlik qilgan davrlarga bog‘laydi.
O‘tayotgan yil Samarqand shahriga Gagauz yeri – Gagauziyadan taniqli mehmon tashrif buyurdi. Bu inson taniqli olim, jurnalist, publitsist Fyodor Zanet. Men o‘shanda vaziyatdan foydalanib Fyodor Zanetdan intervyu oldim.
Qahramonimiz haqida qisqacha: Fyodor Todur Zanet 1958-yil 14-iyunda Moldova SSRning Kongaz qishlog‘ida tug‘ilgan. U taniqli shoir, yozuvchi, folklorist, jurnalist, tadqiqotchi, tarjimon va publitsistdir.
U Gagauz yeri (moldavancha – Gagauziya) muxtor respublikasining madhiyasi muallifi hisoblanadi. Fyodor Zanet asosan gagauz tilida ijod qiladi. Uning ko‘plab kitoblari chop etilgan, OAVda ko‘plab maqolalari, tadqiqotlari chop etilgan.
Fyodor Zanet 1976–1981-yillarda Kishinyov politexnika universitetida tahsil olgan. Ish faoliyatini oddiy ustalikdan boshlagan. So‘ng partiya komiteti kotibligi va qurilish korxonasida prorab bo‘lib ishlagan. 1987-yilda Moldova kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi huzuridagi Marksizm-leninizm universitetini bitirgan.
Fyodor Zanet gagauz tilida yozilgan ko‘plab she’rlar, nasriy asarlar, bolalar uchun kitoblar, maktab darsliklari va dramalar muallifi hisoblanadi. U 1989-yil 17-dekabrda Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasini gagauz tiliga o‘girib chop etgan.
– Assalomu alaykum hurmatli Fyodorbey. Moldovada va jahonda gagauz millatiga mansub qancha odam yashaydi?
– Umuman olganda, gagauzlar soni uncha ko‘p emas. Bugungi kunda Moldovada 136 mingga yaqin gagauz millatiga mansub aholi yashaydi. Dunyodagi barcha gagauzlarni hisoblasa, 200 mingdan oshadi. Gagauzlar asosan Moldovada – Gagauz yeri muxtor respublikasida, Moldova poytaxti Kishinyov shahrida, Ukrainada – Odessa viloyatidagi bir nechta gagauz qishlog‘ida yashaydi. Turli sabablar bilan boshqa mamlakatlarga ko‘chib borib yashayotgan gagauzlar ham bor.
– Gagauz yeri haqida nimalarni bilishimiz kerak?
Moldova parlamentining “Gagauz yeri muxtor o‘lkasining huquqiy statusini belgilash haqidagi qarori”ga ko‘ra mamlakatda asosan gagauzlar yashaydigan hududga muxtoriyat maqomi berilgan va uning rasmiy nomi Gagauz yeri muxtor respublikasi deb ataladi. Gagauz yerini xalq saylaydigan bosh boshqon boshqaradi. U to‘rt yilga saylanadi.
Shuningdek, muxtor respublikada 36 deputatdan iborat parlament ham bor.
Gagauziyada uchta shahar bor. Komrat – Gagauz yerining ma’muriy markazi. Komratning 36 ming aholisi bor. Yana bir shahar Chodir Lunga deb ataladi. “Lunga” rumincha so‘z bo‘lib, “uzun” degan ma’noni beradi. Shundan kelib chiqsak, shahar nomi “Uzun chodir” ma’nosini beradi. Uchinchi shahrimizning nomi Volkaneshti. Bu shahar Moldova janubida joylashgan.
1988-yilda oshkoralik boshlangan zamonlarda Gagauziyada buyuk rassom – men uni buyuk rassom deb bilaman – Dmitriyning ustaxonasida bir guruh gagauz millatiga mansub ziyolilar yig‘ilib Gagauziyaning mustaqilligi haqida rejalar tuzdik. Shu o‘rinda eslatib ketishni xohlar edim. SSSR paytida Gagauziyada gagauz tilida na maktab, na o‘rta maxsus va na oliy ta’lim muassasasi bo‘lmagan. Shu tufayli gagauz farzandlari rus yoki moldavan tilida tahsil olishga majbur bo‘lgan. Rassomning ustaxonasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlarda mustaqillik bilan birga gagauz tilida bog‘chalar, maktablar, OTM ochish haqida ham fikrlashganmiz.
Shundan so‘ng “Gagauz xalqi” harakatini tuzdik. Harakat oldiga Gagauziyani mustaqil qilish, gagauz tili, madaniyati va san’atiga e’tiborni kuchaytirish masalalarini muhokama qildik.
Biroz o‘tib Gagauziyaning bir tomonlama mustaqilligini e’lon qildik va Moldova SSR tarkibida Gagauziya Sovet Sotsialistik Muxtor Respublikasini tuzdik. Ammo Moldova Oliy Kengashi respublikamizni tan olmadi.
Biz e’lon qilgan muxtoriyatni tan olishmaganidan keyin 1990-yil 22-iyulda xalq delegatlarining favqulodda syezdini chaqirdik va Gagauziya madhiyasini, bayrog‘ini, gerbini qabul qildik. Madhiya matnini men yozganman. Oradan biroz o‘tib, 1990-yil 19-avgustda mustaqilligimizni e’lon qildik. Bugun ushbu sana Gagauziyada umumxalq bayrami hisoblanadi.
O‘sha paytda hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolganidan foydalanib Gagauziyani mustaqil tarzda boshqara boshladik va 1994-yilgacha rasmiy Kishinyovga bo‘ysunmay, mustaqil boshqaruvga ega bo‘ldik. Biroq mustaqilligimiz bir tomonlama edi, uni hech kim tan olmagan edi. Mustaqilligimizni hech kim tan olmagan bo‘lsa-da, vaziyatdan foydalanib maktablarni gagauz tilida dars berishga o‘tkazdik. Gagauz tilida eshittirish beradigan televideniye ochdik. Gazeta va jurnallar chop eta boshladik. Biz tom ma’noda millliyligimizga qaytdik.
1994-yilda Moldovaga Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel tashrif buyurdi va o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng biz muxtor hudud sifatida Moldova tarkibida qolishga rozi bo‘ldik. O‘shandan keyin Gagauziyada universitet va kollejlar ochdik.
Bugun o‘sha universitet Komrat davlat universiteti deb nomlanadi va u Moldaviyadagi eng yaxshi universitetlardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, gagauz tilida dars beradigan o‘qituvchilar tayyorlaydigan pedagogik kollejimiz bor. O‘shandan keyin Gagauziyada gagauz tilida o‘qitadigan yana ko‘plab maktablar, bog‘chalar ochildi. Bugun tilimizga e’tibor ancha yaxshi. Masalan, gagauz tilidan kim respublika olimpiadasida g‘alaba qozonsa, unga Moldovadagi istalgan OTMga imtihonsiz kirish imkoniyati beriladi.
– O‘zbekistonda ko‘pchilik uzoq Moldova tarkibida alohida muxtor respublika tarzida turkiy qardoshlarimiz yashashini bilmaydi. Xo‘sh, bu masalada Gagauziyada ahvol qanday?
– Gagauziyada ham ko‘pchilik nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa turkiy respublikalar haqida ham yetarli bilimga ega emas. Ammo oxirgi yillarda aloqalarimiz yaxshilanib boryapti. Bizning OAVda O‘zbekiston va boshqa turkiy respublikalar haqida ma’lumot berilyapti.
Bilasiz, SSSR paytida milliy manfaatlar haqida gapirib bo‘lmas edi. Shu tufayli ham yoshi katta avlod bu haqda uncha bilmaydi.
Masalan, men muharrirlik qilayotgan gazeta turkiy xalqlar, turkiy tilli davlatlar, ularning tarixi, madaniyati va boshqa jihatlari haqida doimiy ma’lumot berib boradi. Shuningdek, Gagauziya davlat teleradiokampaniyasi turkiy millatlar, turkiy tilli davlatlar haqida doimiy ravishda ko‘rsatuv va eshittirishlar berib boradi. Shu jumladan, O‘zbekiston haqida ham.
Oxirgi yillarda O‘zbekistondagi turli tadbirlarga festivallarga tez-tez chaqirishyapti. Men bundan juda xursandman. O‘zbekiston, uning madaniyati va san’ati haqida ko‘rsatuvlarda gapirib beryapman, maqolalar e’lon qilyapman. Do‘stona aloqalarimiz har ikki taraf uchun foydali bo‘lyapti.
Bizni uzoq ushlaydigan omil – biroz uzoq masofalarda joylashganimiz. Qalblarimiz esa har doim yaqindir.
O‘zbekiston o‘tkazayotgan xalqaro festivallar va boshqa yuksak darajadagi tadbirlarga doim havas bilan qaraganman. Joriy yil bahorda Boysunda o‘tkazilgan xalqaro baxshichilik festivalida ham qatnashgan edim. Shuningdek, menga ma’lumot berishlaricha, Shahrisabzda xalqaro maqom festivali o‘tkazish ana’anasi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Bularning barchasi tahsinga sazovor ishlardir.
Ana shu tarafdan qaraydigan bo‘lsak, prezidentlaring va hukumatlaring olib borayotgan ishlar tahsinga loyiq.
– Sizlarda ham gagauz madaniyatini, san’atini yoki boshqa qadriyatlartni targ‘ib qiladigan qandaydir festival yoki boshqa tadbirlar uyushtiriladimi?
– Bizda ham festivallar o‘tkaziladi. Asosiy festival va bayramlarimiz uchta: Gagauz turklari festivali, Gagauz gilamlari festivali va Qosim–Hidirlez bayrami.
Qosim–Hidirlez bayrami haqida gapiradigan bo‘lsam, bunda Qosim bayrami – 6-may kuni yoz kirishi sifatida nishonlansa, Hidirlez kuzning oxirida qish kirishi munosabati bilan o‘tkaziladi va nomlanishda har ikkalasi ajratilmay Qosim – Hidirlez deb birga aytiladi. Bu bayramda xalq sayllari, folklor ansambllarining chiqishlari bo‘lib o‘tadi.
Endi festivallarga kelsak. Gagauz turklari festivali, nomidan ko‘rinib turibdi, gagauz ijodkorlari yig‘iladigan festivaldir. Bu festivalda nafaqat Gagauziyada va Moldaviyada, balki butun dunyoda yashaydigan gagauzlar ishtirok etadi. Festivalda gagauz tilida kuy-qo‘shiqlar, o‘lanlar, dostonlar kuylanadi, aytishuvlar bo‘ladi, gagauz xalq maqollari o‘qiladi.
Ikkinchi festival Gagauz gilamlari festivali deb nomladi. Bu festivalda xalq amaliy san’ati bo‘lmish gilam to‘qish mahorati namoyish etiladi. Qo‘lda to‘qilgan gilamlar ko‘rgazmalari bo‘ladi. Festivalga dunyoning turli davlatlaridan mehmonlar keladi.
Bundan ikki yilcha avval milliy kiyimlar festivali o‘tkazila boshlandi. Biz bu festival bahonasida qadimiy gagauz milliy kiyimlaridan anchasini tiklashga erishdik. Umuman olganda biz mana shunday tadbirlar va festivallar vositasida o‘z tilimizni, o‘zligimizni saqlashga urinyapmiz. Biz kam sonli mayda millatmiz va biz uchun ona tilimizni, madaniyatimizni, san’atimizni saqlab qolish juda muhim.
– Kecha bir tadbir doirasida tasodifan siz yozgan kitoblarga ko‘zim tushdi, u lotin alifbosida edi. Gagauziyada lotin alifbosi qo‘llaniladimi?
– Albatta! Gagauziyada lotin alifbosi qo‘llaniladi. Moldovada ham lotin alifbosiga asoslangan yozuv amalda.
Lotin alifbosiga o‘tishimiz tarixini gapirib berishdan avval Moldovaning alifbo tarixini so‘zlab bersam. Zero biz shu davlat tarkibida bo‘lganmiz. Moldova bir paytlar Ruminiya tarkibida bo‘lganida lotin alifbosidan foydalangan. So‘ng 1940-yilda uni SSSR Ruminiyaga bostirib kirib, uning bir bo‘lagi bo‘lgan Moldovani bosib olganidan keyin majburiy tarzda Moldovada ham kirill alifbosini joriy qilgan. Shundan so‘ng 1989–1990-yillargacha Moldova kirill alifbosida yurdi.
1988-yilda biz – bir guruh ziyolilar yangi gazeta chiqara boshladik va eng birinchi uning nomini lotin yozuvida yozdik. So‘ng bir sahifasini lotin yozuvida chiqaradigan bo‘ldik. Oxir-oqibat gazetamizning barcha sahifalari lotin yozuvida chiqa boshladi. Albatta, bunga 3–4 yil vaqt ketdi. Ammo biz chekinmadik va maqsadimizga erishdik. Shu tariqa 1993–1994-yillarga kelib biz to‘liq lotin alifbosiga o‘tdik.
Moldova lotin yozuviga o‘tishi ham biznikiday bo‘ldi. Avvalo bu ishni hukumat va uning qarori emas, gazetalar boshlab berdi. 1993-yilda Moldova parlamenti lotin alifbosiga to‘liq o‘tish haqida qonun qabul qilguncha biz ham, Moldova ham to‘liq lotin yozuviga o‘tib bo‘lgan edik.
O‘shanda lotin yozuviga o‘tish tashabbuskorlaridan biri bo‘lganim uchun sha’nimga qancha tanqidlar yog‘dirilmadi. “Gagauz tili endi turklashib ketadi” ham deyishdi, boshqa ayblar ham qo‘yishdi. Men va hammaslaklarim unday ayblovlarga parvo qilmay oldimizga qo‘ygan maqsad sari og‘ishmay boraverdik va haq bo‘lib chiqdik. Gagauz tili turklashib ketmadi, zero uning o‘zi turk tili demakdir. Qizig‘i, bir paytlar meni va maslakdoshlarimni lotin alifbosini qo‘llaganimiz va uni ommalashtirganimiz uchun bizni ayblab chiqqan odamlarning bir nechtasi Moldova va Gagauziyada lotin alifbosiga o‘tish haqida qonun qabul qilinganda bir dumalab o‘sha qonunning tashabbuskorlariga aylanib oldi. Shunaqasi ham bo‘lar ekan.
Bugungi kunda Gagauziya ham, Moldova ham to‘liq lotin yozuviga asoslangan alifbodan foydalanadi.
– Fyodorbey, mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Sizni yurtimizda, siz va boshqa millatdoshlaringiz uchun “qardash” hisoblanadigan O‘zbekistonda ko‘rib turganimdan xursandman. Yana bir bor yurtimizga xush kelibsiz!
– Gagauz millatiga qiziqib, bu millatni o‘zbekistonliklarga tanishtirmoqchi bo‘lganingiz uchun sizlarga ham katta rahmat. Salomat bo‘linglar.
Izoh (0)