Mazkur aktyorlar muntazam ravishda muxlislarni ekranlar qarshisiga to‘plab, qizil gilamlarning doimiy mehmonlari bo‘lgan. Biroq ma’lum bir paytda ular kinoni tark etishga qaror qilgan.
Jek Nikolson
Gollivudning tirik afsonasi uchta “Oskar”, yettita “Oltin globus” sovrindori, “Kakku uyasi uzra parvoz”, “Yorqinlik” va “Murtadlar” kabi mashhur filmlarda unutilmas rollar ijrochisidir. Biroq 2010-yilda “Qanday bilsa bo‘ladi...” romantik komediyasidan so‘ng, Nikolson kutilmaganda ekranlardan g‘oyib bo‘ldi. U xotirasidagi muammolar tufayli replikalarni eslab qolishga qiynalayotgani va shu sababli suratga tushishni to‘xtatgani haqida mish-mishlar tarqaldi. Nikolsonning o‘zi bu taxminlarni rad etib, shunchaki munosib ssenariylar topilmayotganini ma’lum qildi.
2017-yilda uning do‘sti Piter Fonda aktyor haqiqatan ham ijodni to‘xtatganini aytdi. U o‘z darajasidagi san’atkor orzu qilishi mumkin bo‘lgan barcha yutuqlarga erishgan va endi kameralardan uzoqda sokin hayotdan zavqlanishga qaror qilgan. Nikolson faoliyatini to‘xtatishining asl sabablari hanuz sir. Ehtimol, bu yosh bilan bog‘liqdir — 2025-yil bahorida u 88 yoshga to‘ldi. Qanday bo‘lmasin, Jek tirik afsona maqomini saqlab qolgan holda kinoni tark etdi.
Aytish joizki, Nikolson so‘nggi marta 2023-yil aprelida jamoatchilik oldida ko‘ringan — o‘shanda u Los Anjelesdagi basketbol o‘yinini tomosha qilgan.
Maykl J. Foks
“Kelajakka qaytib” trilogiyasidagi Marti Maklafy roli tufayli Maykl J. Foks mashhurlikka erishdi. Biroq 1991-yilda, 30 yoshida unga Parkinson tashxisi qo‘yildi. Dastlab aktyor holatini yashirib, suratga tushishni davom ettirdi. 1998-yilga kelibgina Maykl Jey jiddiy kasal ekanini oshkora tan oldi.
Ahvoli yomonlashib borayotganiga qaramay, Foks filmlarni ovozlashtirishda faol ishtirok etdi va televideniyeda epizodik rollarda ko‘rindi, shuningdek, Parkinson kasalligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun xayriya jamg‘armasini tashkil etdi. Biroq kasallik kuchaydi va 2020-yilda Maykl o‘z faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qildi. Shunday bo‘lsa-da, san’atkor vaqti-vaqti bilan jamoatchilik oldida paydo bo‘lib turadi va turli loyihalarda ishtirok etishni davom ettirmoqda.
2023-yilda Devis Guggenxaym aktyor ishtirokida “Hali ham: Maykl J. Foks filmi” nomli hujjatli film suratga oldi. 2024-yilning yozida esa Foks Buyuk Britaniyadagi Glastonberi festivalida Coldplay guruhi bilan sahnaga chiqdi. U va guruh yetakchisi Kris Martin “Fix You” qo‘shig‘ini ijro etishdi, san’atkor esa uni mashhur qilgan filmda kuylagan Chak Berrining “Johnny B Goode” qo‘shig‘idagi riffni takrorladi.
Yeva Mendes
Aktrisa “Qo‘shaloq forsaj”, “Hitch usuli” va “Qarag‘aylar ostida” filmlaridagi rollari bilan yaxshi tanilgan. 2014-yilda fantastik trillerdan so‘ng, Eva Mendes birdan filmga tushishni to‘xtatdi.
2024-yil mart oyidagi suhbatda Mendes qizlari Esmeralda va Amada tarbiyasiga e’tibor qaratishga qaror qilganini aytdi. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i Rayan Gosling bu tanlovni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan. Ishdagi uzoq tanaffusga qaramay, Mendes agar qiziqarli taklif bo‘lsa, kinoga qaytish ehtimolini rad etmadi. U hech qachon faoliyatini rasman yakunlamaganini, balki oilasi uchun vaqtincha to‘xtatganini ta’kidladi.
Bryus Uillis
Aktyor “O‘tda yonmas” jangari filmdagi Jon Makkleyn rolidan so‘ng mashhurlikka erishdi, “Beshinchi element”, “Armageddon” va “Jinoiy asar” filmlari esa uning muvaffaqiyatini mustahkamladi. Bryus Uillisning xarizmasi va qat’iyatli qiyofasi uni jangari filmlar afsonasiga va Gollivudning eng taniqli yulduzlaridan biriga aylantirdi.
Biroq 2010-yillarda Uillis ko‘proq kam byudjetli filmlarda ko‘rina boshladi. 2022-yil mart oyida aktyorning oilasi buning sabablarini tushuntirdi: Bryusga afaziya — nutq, xotira va aqliy qobiliyatlarga ta’sir etuvchi kasallik tashxisi qo‘yilgandi.
Kasalligiga qaramay, rafiqasi Emma Heming, sobiq turmush o‘rtog‘i Demi Mur va besh farzandi — butun oila ushbu og‘ir damda san’atkorni qo‘llab-quvvatlamoqda. 2023-yilda shifokorlar Uillisda demensiya borligini tasdiqladi, bu kasallik tufayli aktyorning ahvoli yomonlashmoqda.
Izoh (0)