O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejim joriy qilinishi hamda ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Bu masala 26-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari davomida ko‘rib chiqildi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari hamda o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ayni paytda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida diplomatik pasport egalari uchun vizasiz tartib joriy etilgan. Bu haqda tegishli bitim 2025-yil 3-fevral kuni Ommon shahrida imzolangandi. Prezidentning 2025-yil 30-iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar podshohligi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan.


Muzokaralar davomida yana nimalar muhokama qilindi?
- Yetakchilar BMY, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
- Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar o‘rtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
- Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlarini karrasiga oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.
- Kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash, shuningdek, farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.
- Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, 2025-yil yakunigacha ularning ilk yig‘ilishlarini o‘tkazish taklifi bildirildi.
- Madaniy, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qo‘shma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.
- Umumiy ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.


Shavkat Mirziyoyev podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan “Aqaba jarayoni” tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif etdi. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.
Izoh (0)