Toshkentning Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida yuz bergan YTHda 1 yoshga to‘lmagan qiz vafot etdi, 3 kishi kasalxonaga yotqizildi.
YHXBB matbuot xizmatining xabar berishicha, voqea 25-dekabr kuni soat 17:00 larda sodir bo‘lgan. Toshkentning Chilonzor tumanida yashovchi 20 yoshli haydovchi T.M. Lacetti avtomobilini boshqarayotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
U qarshisidan harakatlanib kelayotgan 30 yoshli haydovchi M.A. boshqaruvidagi “Jiguli” (VAZ-2106) rusumli, 57 yoshli X.A. boshqaruvidagi “Gazel” (“GAZ-330202”) yuk mashinasi hamda 34 yoshli O.A. boshqaruvidagi Damas avtomobillari bilan to‘qnashgan.
Oqibatda “Jiguli” haydovchisi va 52 yoshli yo‘lovchisi N.I. tan jarohati olib kasalxonaga yotqizilgan, yana 2 yo‘lovchiga ambulator yordam ko‘rsatilgan. Haydovchining mashinada bo‘lgan 1 yoshga to‘lmagan qizi A.D. kasalxonaga olib borilganida vafot etgan.
Lacetti’ning 19 yoshli yo‘lovchisi T.B. tan ham jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan. Avtomobil haydovchisi va yana 2 yo‘lovchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Damas haydovchisi va barcha yo‘lovchilariga ham ambulator yordam ko‘rsatilgan.
Izoh (0)