Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bo‘yicha tadbirlar faol davom ettirilmoqda.
Xususan, “Farg‘ona—Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan fuqaro Q.S. boshqaruvidagi Nexia mashinasi Andijon shahrida to‘xtatilib tekshirilganida salonidan 1680 dona “Lirika” dori vositasi borligi aniqlangan.
DXXdagi manbaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Q.S. Qo‘qondan olib kelayotgan ushbu dori vositalari Andijon shahrida yashovchi fuqaro S.S.ga yetkazilishi kerak bo‘lgan, shu bois tezkor tadbir davom ettirilib, keyinroq S.S. ham ushlangan.
“Psixofaol dori vositalari o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olingan, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, — deya ma’lum qildi manba.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil oktabrdagi qarori bilan “Lirika” muomalada bo‘lishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan.Undan avvalroq giyohvandlik vositalarining analoglari — yuqorida ko‘rsatilgan ro‘yxatda rasman mavjud bo‘lmagan, biroq inson ruhiyatiga shunga o‘xshash ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgan edi.
Izoh (0)