O‘zbekistonda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi qonun ishlamayapti, umuman reproduktiv salomatlik to‘g‘risidagi qonunchilik targ‘iboti yo‘lga qo‘yilmagan. Bu fikr Senat raisi Tanzila Norboyeva tomonidan bildirildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Senat Kengashining 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalarini ko‘rib chiqilgani haqida avval xabar berilgan edi. Yig‘ilishda Senat raisi Adliya vazirligini ham tanqid qilgan.
“Mana, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida’gi qonunni olaylik. U ham ishlamayapti. Bu boshqa mavzu bo‘lsa ham mayli — masala shundaki, qonun umuman ishlayotgani yo‘q. Kuni kecha adliya vaziri: ‘Bizda tizim zo‘r bo‘ldi, qonunni hammaga yetkazish tizimi bor’, dedi. Lekin, mana, hech qanaqa tizim yo‘q”, — dedi Senat raisi.
Tanzila Norboyeva aynan shu yig‘ilishda sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga kun tartibidagi masalaga “jiddiy munosabat” bildirgani uchun unga qo‘shtirnoq ichida “salom” yo‘llagan edi. 25-dekabr kuni vazir parlament yuqori palatasi rahbarining “salomi”ga javob qaytardi, shundan so‘ng Senat vazir ustidan hukumatga xat yo‘llagani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)