O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining 25-dekabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va tibbiy reabilitatsiya ishlari talabga javob bermasligini ta’kidlab o‘tdi.
Nogironlik alomatlari yaqqol ko‘rinib turgan hamda noxush klinik tashxisga ega fuqarolarga nogironlikni belgilashda byurokratik va korrupsion to‘siqlar yaratilganligi ham bor haqiqat.Masalan, alohida anatomik nuqsonlar, ya’ni qo‘l, oyog‘i amputatsiya qilinganlar, bolalikdan tug‘ma nogironlar, daun kasalligiga chalinganlar nogironlikni olish uchun, e’tibor bering, 4 oydan 6 oygacha behuda davolanishga majbur bo‘lmoqda.
Birgina misol, Yangiariq tumanida 1994-yilda tug‘ilgan, bolalikdan qovurg‘alari tug‘ma deformatsiya bo‘lganligi bois, nogironligi yaqqol ko‘rinib turgan fuqaro D. nogironlik guruhini olish maqsadida 2019-yil mart oyidan 4 oy-u 20 kun faqat rasmiyatchilik uchun shifoxonada yotishga majbur bo‘lgan.
Respublika bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar 615 mingdan ortiq bo‘lsa-da, tibbiy-mehnat ekspertizasini to‘laqonli o‘tkazish, ularni ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilish uchun reabilitologiya va ergoterapiya mutaxassislari yo‘q.
Eng ayanchlisi, nogironlik bilan tug‘ilgan yoki nogiron bo‘lib qolgan fuqarolar ham nogironlikni rasmiylashtirishda tamagirlikka duch kelmoqda.
Nig‘matilla Yo‘ldoshev, bosh prokuror
Izoh (0)