“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 44,4 foiz sinf rahbarlari, 39,5 foiz fan o‘qituvchilari, maktab psixologlari va 45,2 foiz ota-onalar bolani jismoniy jazolash mumkin deb hisoblaydi. Bu haqda “Oila” markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Ulardan bunga izoh so‘ralganda, jismoniy jazolash orqali gapga quloq solmaydigan bolani tarbiyalash jamiyatda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini oladi deb ta’kidlagan.
Respondentlardan bolaga nisbatan oilada beshafqat munosabatning sabablari so‘ralganda, ularning 46,8 foiz ota-onalarning nosg‘lom turmush tarzi hamda ulardagi pedagogik, psixologik va huquqiy bilimlarning pastligi, 26,5 foiz ota-ona va farzand munosabatlaridagi nizoli vaziyatlarning paydo bo‘lishi, 6,6 foiz oilaning moddiy ahvoli deb aytgan bo‘lsa, respondentlarning 20,1 foizi bolalarning o‘zini sababchi qilib ko‘rsatgan.
Ushbu tadqiqot so‘rovlarida Toshkent shahar va Namangan, Toshkent viloyatlaridagi 834 nafar sinf rahbarlari, psixologlar, 252 bolalar va 316 ota-onalar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Jinoyat kodeksining alohida moddalarida bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, ularni haqorat qilish, turli darajadagi tan jarohatlari yetkazish uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Bundan tashqari, jismoniy jazolash bilan tarbiyalangan bolalarda salbiy psixologik oqibatlar paydo bo‘la boshlaydi, ishonchsizlik, qo‘rquv va ruhiy tushkunlik “komplekslar”i rivojlanadi, jumladan, ularda birovlar fikriga tobe bo‘lib qolish va “mustaqil fikrlash” yo‘qola boradi. Natijada, bunday bolalar jamiyatda o‘ziga munosib o‘rinni egallash borasida qiyinchiliklarga duch keladi.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi olim va mutaxassislari ana shunday jazolash tufayli bolalarning jamiyatda tan olinishida qiyinchilikka uchrashlari va oxir oqibatda tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar safiga kirib qolishlaridan xavotirda, deyiladi xabarda.
Izoh (0)