24-noyabr kuni O‘zbekistonda olti nafar fuqaro is gazidan zaharlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati Ulug‘nor tumani hamda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi 6 nafar fuqaro (2 nafar erkak, 3 nafar ayol, 1 nafar voyaga yetmagan qiz) gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaganliklari oqibatida is gazidan zaharlanib, o‘zlarini noxush his qilib, shifoxona yotqizilgan.
Ushbu holatlar yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergov oldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Bunday ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida gaz uskunalaridan va isitish moslamalaridan foydalanishda yong‘in va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Rossiyaga kelganiga 5 kun bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaroning is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
“Hududgazta’minot” kompaniyasi so‘nggi paytlarda tez-tez kuzatilayotgan is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish uchun xavfsizlik choralari haqida ma’lumot berdi.
Izoh (0)