Futbol bo‘yicha Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyi Marchello Lippi lavozimini tark etishini ma’lum qildi.
14-noyabr, payshanba kuni Xitoy terma jamoasi JCh—2022 ikkinchi saralash bosqichi doirasida Suriyaga qarshi bahs olib bordi va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Xitoy 5-turdan so‘ng guruh peshqadami Suriyadan besh ochkoga ortda bormoqda.
“O‘yin haqida gapirishni istamayman. Jamoa maydonda bor kuchini namoyish qilishi kerak. Murabbiy ko‘rsatmalarini bajarishi lozim. Agar futbolchilar mag‘lub bo‘lishdan qo‘rqsa, u holda ularda kurashish xohishi yo‘q.
Mag‘lubiyat — mening javobgarligim. Raqib kuchli chiqdi.
Yillik maoshim juda baland. Bu pullarni o‘g‘irlashni istamayman. Men bu mag‘lubiyat uchun javobgarlikni to‘liq o‘z bo‘ynimga olaman. Rasman bosh murabbiylik lavozimidan ketishimni ma’lum qilaman”, — deydi Lippi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.
71 yoshli italiyalik mutaxassis so‘nggi o‘n oy ichida ikkinchi bor Xitoy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Avvalroq Lippi 2016-yilning oktabridan 2019-yilning yanvariga qadar Xitoy termasini boshqaragandi. U may oyida terma jamoaga qaytgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)