Chet el OAVlarida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi tasarrufidagi “Neftchi” sport majmuasining 79 nafar murabbiyi va texnik xodimlar, shuningdek, sport to‘garaklarida shug‘ullanayotgan 2000 nafar bola ko‘chada qolgani haqida e’lon qilingan xabarlarga viloyat hokimligi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish quvvatlariga tegishli ulushi indoneziyalik tadbirkorlar tomonidan sotib olingan va korxonani modernizatsiya qilish uchun 1 milliard dollarga yaqin investitsiya kiritishni rejalashtirilgan.
Zavodning yordamchi xo‘jaliklari, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari va ijtimoiy majmualari bir qismi sotuvga qo‘yilgan. “Neftchi” sport majmuasi esa hokimlik balansiga o‘tkazib berilgan.
“Hozirda, mazkur majmuaning faoliyat yo‘nalishlari saqlangan holda bolalar va o‘smirlar sport maktabi, futbol akademiyasi tashkil etish ustida ish olib borilmoqda. “Neftchi” sport majmuasida ishlagan barcha murabbiylar, o‘zlari istasalar, shu yerda faoliyatlarini davom ettirishadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd qilinishicha, kelgusida sport maktabiga jalb etiladigan shug‘ullanuvchilar sonini 2500 nafarga yetkazish kutilmoqda.
Izoh (0)