O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-oktabr, dushanba kuni Boku shahrida Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozodani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, konfessiyalararo muloqotni kengaytirish, ta’lim va yoshlarning ma’naviy tarbiyasi masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari bu boradagi xalqaro hamkorlik darajasi tobora yuksalib borayotganini qayd etdi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi samarali kurashish, muqaddas islom dinining sof qadriyatlari va chinakam insonparvarlik maqsadlarini xalqaro hamjamiyatga yetkazishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining islom olamining boy merosini o‘rganish va asrab-avaylash bo‘yicha tashabbuslarini va bu borada qabul qilinayotgan choralar samarali ekanini qayd etdi.
Ollohshukur Poshshozoda mamlakatlar va butun mintaqada tinchlik, totuvlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida faol muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)