Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi M-39 avtomagistral yo‘lida turizm sohasini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Jizzax viloyati geografik jihatdan O‘zbekistonning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, viloyat hududidan o‘tuvchi M-39 avtomagistral yo‘lidan kuniga 25 mingdan ortiq avtomobil o‘tadi. Shuningdek, viloyatning Do‘stlik, Paxtakor, Sharof Rashidov va G‘allaorol tumanlaridagi milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.
O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish va avtomagistral yo‘llari bo‘ylab turizm xizmatlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar belgilangan. Unga ko‘ra, Andijon viloyatining Xonobod shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga bog‘langan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrigacha “O‘zbekiston turizm magistrali” turizm transport koridorini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ikrom Mamajonov boshchiligida Jizzax viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi hamda tuman hokimliklari tomonidan “Turizm magistrali” turizm transport koridorini tashkil etish bo‘yicha hududlarda o‘rganish olib borildi.
O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, M-39 avtomagistral yo‘li yoqasidan 2020—2021-yillarda tashkil etiladigan 4 ta yirik turistik majmuaga kerakli tavsiyalar va tushuntirish ishlari olib borildi.
Qayd etilishicha, avtomagistral yo‘llarda turizm koridorini yaratishdan asosiy maqsad viloyatda turistlarning bo‘lish vaqtini uzaytirish va ularga yuqori sifatli qulayliklar yaratish hisoblanadi.
Izoh (0)