Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi T.Xurramov o‘z xonadonidan ov qurolini topib oldi. Bu haqda “Daryo”ga Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro ta’miri vaqtida uyning tomidan marhum bobosidan qolgan TOZ rusumli, 16 kalibrli, bir stvolli ov qurolini topib olgan. Ta’kidlanishicha, qurol 1964-yilda ishlab chiqarilgan.
“T.Xurramov zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining Samarqand bo‘linmasiga xabar bergan va o‘z xohishi bilan o‘rnatilgan tartibda topshirgan”, — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkent viloyatida ham fuqarolar tomonidan topilgan qurollar Ichki ishlar vazirligining tegishli bo‘linmalariga belgilangan tartibda topshirilganligi ma’lum qilingan.
Izoh (0)