Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hijob masalasini kuch bilan hal etib bo‘lmasligini aytdi. Bu haqda u jurnalistlar bilan uchrashuvda ma‘lum qildi.

Pezeshkiyon ayollarni hijob o‘rashga majburlash ham, uni taqishdan qaytarish ham noto‘g‘ri ekanini aytdi. U bu masalani madaniyatni rivojlantirish orqali hal qilish kerakligini bildirdi. Prezident masjidlar madaniyatni shakllantirish funksiyasini bajarishi kerakligini ta‘kidladi. Jumladan, hijob muammosini qarama-qarshilik bilan emas, balki mantiqiy yo‘l bilan hal qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.
Bu siyosatchining majburiy hijobga qarshilik bildirganiga oid birinchi holat emas. U saylovoldi kampaniyalaridan biri Axloq politsiyasiga qarshi chiqqan. Pezeshkiyon “ayollar va qizlarni majburlashga haqqimiz yo‘q va men ularga nisbatan bunday xatti-harakatlardan uyalaman” degan edi.
Eron hukumati prezident Mas’ud Pezeshkiyonning saylovoldi va’dalariga zid ravishda “iffat va hijob to‘g‘risida”gi qonun loyihasini joriy qilayotgan edi. Yangi qoidalar nafaqat sochlarni ko‘rsatishni taqiqlaydi, balki bo‘yin, bilaklar yoki to‘piqlarni berkitish majburiyatini ham yuklaydi.
Birinchi qoidabuzarlik uchun ayol 155 yevro miqdorida jarima to‘laydi. Agar qoidabuzarlik takrorlansa, jarima sezilarli darajada oshishi mumkin.
Jarimaga qarshi tanqid yoki norozilik qo‘shimcha jarima jazosini yuklaydi, unga ko‘ra qoidabuzar 155 yevrogacha pul to‘lashi shart. 9 yoshdan boshlab ro‘mol taqish majburiydir. Agar voyaga yetmagan qiz qonunni buzsa, ota-ona javobgarlikka tortiladi va qizga nisabatan “tarbiyaviy choralar” ko‘riladi.
Mas’ud Pezeshkiyon yuqoridagi qonun yangi ijtimoiy g‘alayonlarni keltirib chiqarishi mumkinligidan xavotirlanib, unga veto qo‘ygandi.
Izoh (0)