Bepul metro kuni stansiyalararo o‘tish yo‘laklarida ko‘rgazmalar va musiqali chiqishlar, poyezd vagonlarida esa tongda va oqshom payti raqqoslar, qo‘g‘irchoqbozlar, ko‘zboylog‘ichlar, ko‘cha musiqachilari va opera xonandalarining san’atidan bahramand bo‘lish mumkin.
Toshkent shahri ilk bora qo‘shilgan Yevropa harakatlanish haftasi doirasida 19-sentabr, payshanba kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi hamda Toshkent metropoliteni tomonidan Bepul metro kuni o‘tkaziladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AK matbuot xizmatiga tayanib “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Shu kuni “Oybek” va “Mingo‘rik” bekatlariga o‘tish yo‘lagida tonggi soat 8:00 da teatrlashtirilgan-musiqiy sahna ko‘rinishlari namoyish qilinishi boshlanadi. Simfonik orkestrning chiqishi 17:00—19:00 oralig‘ida o‘tishi rejalashtirilgan.
Kun davomida “Amir Temur xiyoboni” hamda “Yunus Rajabiy” bekatlariga o‘tish yo‘lagida torli kamer kvarteti ijrosi hamrohligida san’atshunoslar ishtirokida rasmlar galereyasi o‘tkaziladi.
Toshkent metropoliteni tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida “Paxtakor” va “Alisher Navoiy” bekatlariga o‘tish vestibyulidagi fotoko‘rgazmani tomosha qilib ma’lumot olish mumkin.
Bundan tashqari, bekatdan bekatga o‘tayotgan yo‘lovchilar soat 10:00—12:00 hamda 20:00—22:00 oralig‘ida birgalikda fleshmob qiladi. Raqs jamoalari metropliten yo‘nalishlarining barcha vagonlarida chiqishlar qiladi. Ko‘cha musiqachilari gitara, kaxon va saksafonda kuylar ijro qiladi, opera xonandalarining ijrosi musiqiy fleshmobning ikkinchi qismiga aylanadi.
Bolalar uchun mimlar, ko‘zboylog‘ichlar hamda superqahramon va multfilm personajlari kiyimlaridagi qo‘g‘irchoqbozlarning chiqishlari tashkil qilinadi.
Izoh (0)