Oliy sudning Surxondaryoda o‘tkazilgan sayyor qabulida kutilmagan holat yuz berdi, deb xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Sayyor qabulda eri va o‘g‘li firibgarlikda ayblanib, qamalgan ayolning murojaati o‘rganildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, yetkazilgan miqdorning asosiy qismi qoplab berilgani uchun qamalganlardan birini ozodlikka chiqarishga qaror qilindi. Shunda sud rahbariyati ayoldan “Eringizni ozod qilaylikmi yoki o‘g‘lingizni?” deb so‘raganida ayol “erimni” deya javob bergan.

“O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida firibgarlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan ota-bolaga oid jinoyat ishining otaga tegishli qismi nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Otaga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining o‘talmay qolgan qismi ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirilib, mahkumning tegishli muassasadan darhol ozod qilinishi haqida ajrim qabul qilindi”, — deyiladi xabarda.