O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati diniy idora raisi, muftiy Usmonxon Alimov ishdan olinganini rasman rad etdi. Bu haqdagi tegishli xabar diniy idoraning rasmiy veb-portalida qoldirilgan.

10-sentabr kuni ayrim internet-nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etildi, degan mazmundagi asossiz va soxta xabarlar tarqatildi.

Ta’kidlash lozimki, Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlamoqdalar — faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Usmonxon Alimov.
Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muftiy hazratlariga uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlarini Alloh taboraka va taolodan so‘raymiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

Avvalroq, 10-sentabr kuni muftiyning ishdan olingani haqida xabarlar tarqalgan, buni “Daryo”ning diniy idoradagi manbalari ham tasdiqlagan edi. Biroq keyinroq boshqa manbalarda muftiyning ishdan olinib, uning o‘rniga Toshkent viloyati bosh imom-xatibi diniy idora raisi etib tayinlangani haqidagi raddiyalar paydo bo‘lgan edi.

Ma’lumot uchun, Usmonxon Alimov 1950-yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. Buxorodagi “Mir Arab” madrasasi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida tahsil olgan.

U uzoq yillar davomida Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy” jome masjidida imom-xatib bo‘lib ishlagan. 2000—2006-yillari O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili, 2006-yil avgustdan diniy idora raisi, muftiy sifatida ishlab kelgan.