Avvalroq Samarqanddagi Olimpiya zaxiralari kolleji oldidagi “zapravka” yonib ketgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ushbu yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.
12-avgust kuni soat 17:27 da Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasi 5-uyda joylashgan “Avtogaz-Invest” oilaviy korxonasiga qarashli ko‘p yoqilg‘ili avtomobillarga suyultirilgan gaz va benzin yoqilg‘isini quyish shoxobchasida yong‘in bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga 5 ta yong‘in o‘chirish avtoekipaji va 2 ta yordamchi texnika jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga soat 17:30 da yetib borgan va yong‘in soat 17:40 da qurshab olinib, soat 17:50 da to‘liq bartaraf etilgan.
Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.
Yong‘in oqibatida shoxobchaning 2 ta gaz va 1 ta benzin quyish kolonkasi, 200 kvadrat metr maydonda shifti, tomi hamda operator xonasining ichki jihozlari yonib zararlangan. Shoxobchaga yoqilg‘i quyish uchun kelgan Nexia-1 rusumli avtomobilga benzin quyish vaqtida elektr statik hodisasi ro‘y berishi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izoh (0)