Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev norozilik tufayli Urganch—Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan aholi vakillariga chora ko‘rilmasligini bildirdi. U bu haqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda aytib o‘tdi.
Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Ashxobod” mahallasida yashovchi aholiga yer o‘rni ajratib berilgan, ammo kompensatsiya puli to‘lanmagandi. Hokimlik vakillari bir qancha vaqtdan beri va’da berib kelgan, nihoyat sabr kosasi to‘lgan yuzlab uysiz fuqarolar 26-iyul kuni kechasi 21:00 da Urganch—Hazorasp avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Viloyat hokimi kelganda uning palatkasini yiqitib yuborgan.
Vaziyatga aralashgan viloyati hokimi Farhod Ermanov 10-avgustgacha kompensatsiya bo‘yicha to‘liq hisob-kitob qilinishini bildirgan. Keyinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda yuzaga kelgan vaziyatni hal qilish uchun bosh vazir Abdulla Aripovni hududga yuborgan. Shu kuni Chondirqiyotga ko‘chirilgan aholiga 1—2 oy avval va’da qilingan kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi. Bosh vazir yig‘ilish o‘tkazib, Urganch shahri hokimi va prokuroriga hayfsan bergan. Bundan buyon kompensatsiya to‘lanmagan va oldindan ogohlantirilmagan turar va noturar joylarni buzish to‘xtatiladigan bo‘ldi.
Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayev avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygan aholi vakillariga biror chora ko‘riladimi degan savolga javob berdi.
“Hech kimga tazyiq o‘tkazilmadi. Bundan keyin ham ularga hech qanday tazyiq bo‘lmaydi. Bu mumkin emas”, — deya ta’kidladi hokim.
Chondirqiyotga ko‘chirilgan bir nechta aholi vakili ham yo‘lini to‘sib qo‘yib, kompensatsiya pulini tezroq berishlarini talab qilganlarga hech qanday bosim o‘tkazilmaganini bildirdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burhonov O‘zbekistonda aholi va hokimlik vakillarining ochiq konfrontatsiyasiga sabab bo‘layotgan ko‘chmas mulklarni ommaviy buzish jarayonlaridan tashvishda ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, adliya vaziri Ruslanbek Davletov 27-iyul kunidagi hay’at majlisida “Odamlarning uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib, kompensatsiya to‘lamaslik — vahshiylik!” dedi.
Izoh (0)