Iyul oyi oxirida Shavkat Mirziyoyevning Belarusga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tadi, deb xabar qilmoqda Sputnik. Safar 31-iyul kuni boshlanadi va 1-avgustga qadar davom etadi. Bu O‘zbekiston rahbarining Minskka birinchi rasmiy tashrifidir.
Xabarda ta’kidlanishicha, Minskda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarning ayrim yakunlari tahlil qilinadi va yangi ustuvor loyihalar belgilab olinadi. Sal oldin Lukashenko Mirziyoyevni unga qulay vaqtda kutayotgani va "do‘st hamda birodar" sifatida qarshi olishga tayyorligini aytgan edi.
Minskda 29—30-iyul kunlari Belarus va O‘zbekiston regionlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tadi, unda ikki mamlakat regionlari, vazirlik va idoralari, parlamentlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi.
Avvalroq Mirziyoyevning Minskka tashrifi oldidan Belarusda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilishi hamda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy byusti ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)