O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida yirik sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilar to‘g‘risidagi ko‘p sonli shikoyatlar va bu muammoni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Unda yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatda atrof-muhit barqarorligini saqlash, tabiat ne’matlaridan unumli foydalanish, asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ammo ish bor joyda kamchilik ham bo‘ladi, deganlaridek, ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhitga munosabat, aniqrog‘i, loqaydlik va beparvolik ham muammolar keltirib chiqarmoqda.
Ma’lum qilinganidek, joriy yilning birinchi choragida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga fuqarolardan yirik korxonalarning atrof-muhitni ifloslantirishi yuzasidan 175 ta murojaat kelib tushgan. Ularga tegishli ogohlantirishlar berilgan.
Qo‘mita organlari atrof-muhit barqarorligiga zarar yetkazuvchi manbalarni monitoring qilib boradi. Jami 452 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt qamrab olingan. Ulardan 264 tasida atmosfera, 171 tasida suv obyektlari, 123 tasida tuproqni ifloslantiruvchi chiqindilar nazorat qilinadi.
Muassasaning tahliliy laboratoriyalari tomonidan 2019-yilda o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, “Ohangaron-sement” AJ, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “O‘zmetkombinat” AJ va “Maksam Chirchiq” AJ kabi korxonalar atmosferaga me’yordan ortiq miqdorda ifloslantiruvchi moddalar chiqaradi.
Bunday korxonalarga nisbatan iqtisodiy jazo choralari ko‘rilganda jarima va kompensatsion to‘lovlar 2017-yilda 723,2 million, 2018-yili 975,476 million, joriy yilning 1 choragida 1 milliard 72,83 million so‘mni tashkil qilgan.
Anjumanda shu kabi kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, korxonalar oldidagi dolzarb ekologik vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, atrof-muhit monitoringi tizimini takomillashtirish maqsadida qo‘mita huzurida yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi ma’lum qilindi. Unda jamlangan ma’lumotlar asosida O‘zbekiston Respublikasining elektron ekologik xaritasini tuzish nazarda tutilgan. Xarita ochiq foydalanish uchun, shuningdek, shoshilinch vaziyatlarda tezkor qarorlar qabul qilish va aholining atrof-muhit holati yuzasidan xabardorligini oshirish maqsadida internet tarmog‘iga joylashtiriladi.
Izoh (0)