Kaliforniya tog‘larida bir hafta davomida adashib yurgan 73 yoshli Yudjin Joga 29-iyun kuni shifoxonadan chiqishga ruxsat berildi, deb xabar qiladi Forum Daily.
Qidiruv-qutqaruv guruhi Twitter’dagi sahifasiga Jo bilan tushgan rasmini joylashtirdi.
Jo sayohatga chiqqan guruhidan ajralib qolib, Uoterman tog‘i yaqinida yo‘qolib qolgach, 75 nafarga yaqin odam 11 guruhga bo‘linib, Los-Anjeles shimolidagi San-Gabriel tog‘larida qidiruv ishlarini boshlab yuborgan edi.
Oradan yetti kun o‘tgach, 29-iyun kuni soat 11:00 da qidiruv-qutqaruv guruhi Joni topishga muvaffaq bo‘lgan. 73 yoshli erkak hech qanday jiddiy jarohat olmagan va zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Jo besh kun davomida ovqat yemagan va “Iblis kanyoni”dagi irmoqlardan suv ichib, jon saqlagan. Isinish uchun kunduz kuni toshlar ustida yotgan.
Izoh (0)