18-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan, umumiy maydoni 1000 gektar bo‘lgan Xonobod harbiy aerodromi — 10329-sonli harbiy qism tashkil etilganligining 70 yillik yubileyi munosabati bilan harbiy qismda bayram tadbiri tashkil etildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil yanvar oyida viloyatga tashrifi davomida bergan ko‘rsatmasi asosida tashkil etilgan Xonobod harbiy aerodromidagi besh turdagi samolyotlar va markazda uchuvchining ramziy haykali joy olgan musaffo osmon ostidagi ochiq muzeyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida viloyat hokimi, harbiy - ma’muriy sektor rahbari Zafar Ro‘ziyev va Xonobod aerodromiga tashrif buyurgan harbiylar, Rossiya Federatsiyasidan kelgan mehmonlar nutq so‘zladi.
Xonobod aerodromida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugidagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda amaliy parvoz mashqlari o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, Global Firepower ekspertlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi dunyoning eng kuchli 50 armiyasi ro‘yxatiga kiritilgan va Markaziy Osiyodagi harbiy qudrati eng yuqori davlat hisoblanadi.
Izoh (0)