Yaqinda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida To‘lqin To‘raxonovning deputatlarning mavqei va hokimlarning yakkahukmdorligi haqida maqolasi chop etildi. Quyida uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.
O‘zbekistonda hokimlarning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomi bekor qilinishi uzoq kutilgan o‘zgarishlarga yo‘l ochib beradimi, yo‘qmi?
Hokimlarning ham ijro hokimiyatiga, ham vakillik hokimiyatiga yakkaboshchilik qilishi to‘g‘ri bo‘lmasligi haqida shu vaqtga qadar ko‘p gapirilgan, katta-kichik davralarda fikrlar bildirilgan, takliflar berilgan. Lekin bu masala negadir yillar davomida orqaga surib kelinaverdi. Xalq vakillaridan saylanadigan deputatlarga ishonch bildirilmadi go‘yo. Boshqaruv va nazoratni o‘ta markazlashgan holatda saqlab qolishga urinish sezilib turdi. Buning oqibati yaxshilikka olib kelmadi.
2017-yil sentyabr oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident farmonida ko‘rsatib o‘tilgan 11 kamchilikning aksariyati ijro hokimiyati faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi.
Xususan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari hududlarni rivojlantirish sur’atlarini pasaytiruvchi xususiyatga ega ekani, joylardagi muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotgani, davlatning ortiqcha tartibga solishi islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, ijro hokimiyati faoliyatini baholash mexanizmlari faqat holatlarni qayd etish va statistik ma’lumotlarni joriy to‘plashdan iborat bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.
Qolaversa, joylarda ijro hokimiyati organlarining o‘zaro ta’sirchan mexanizmlari mavjud emasligi, davlat vakolatlarining haddan tashqari markazlashgani mahalliy ijro hokimiyati rolining pasayishiga olib kelayotgani qayd etildi. Ijro hokimiyati faoliyatining yetarli darajada ochiq va shaffof emasligi, jamoatchilik nazoratining kuchsizligi haddan tashqari byurokratiya va korrupsiyaga olib kelayotgani afsuslanarli, achinarli holatdir.
Yuqorida keltirib o‘tilgan kamchiliklarning asosiy sabablaridan birini xalq vakillari — deputatlarning hududlarda ta’sir kuchiga ega emasligi bilan izohlash mumkin.
Deputatlar faoliyatiga baho berilganda aksariyat hollarda “ular asosan ma’qullash, qo‘l ko‘tarishdan boshqasini bilmaydi”, degan mazmundagi chuqur o‘ylanmagan xulosalar bilan cheklaniladi. Ahvol shu darajagacha borib yetdiki, deputat deganda ko‘pchilik oq ko‘ylak kiyib, bo‘yinbog‘ taqib, yig‘ilishdan yig‘ilishga yuradigan kishilarni tushunadigan bo‘lib qoldi. Deputatlarga nisbatan yoppasiga ishonchsizlik kayfiyatida munosabatda bo‘lish yillar davomida jiddiy savollarni ko‘zdan panada tutib keldi. Go‘yo aksariyat muammolarimizga deputatlar aybdordek g‘alati taassurot uyg‘ondi.
Mahalliy Kengash deputatlari nega ko‘pincha ma’qullash va qo‘l ko‘tarishdan u yog‘iga o‘tmaydi?.. Qonunlarga asoslanib javob izlaydigan bo‘lsak, aslida deputatlarda ijro hokimiyatini nazorat qiluvchi tuzukroq vakolatning o‘zi yo‘qligi ko‘rinib qoladi. Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunni diqqat bilan o‘qib chiqqan kishi bunga amin bo‘ladi. Har holda, men shunday o‘ylayman.
Shu Qonunning 24-moddasida xalq deputatlari Kengashining vakolatlari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, mahalliy Kengash deputatlari hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlaydi; mahalliy budjetlarni ko‘rib chiqadi va qabul qiladi, mahalliy budjetlarning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, hokimning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlaydi, hokimlik strukturasini, uning xodimlari shtatlari va ish haqi fondini tasdiqlaydi. Ana shu ishlarning hammasini xalq deputatlari Kengashlari, ya’ni deputatlar hokimning taqdimiga asosan “istasa-istamasa amalga oshiradi”. Aniq yozib qo‘yilgan: deputatlar ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi. Bular vakolat emas, ko‘proq majburiyatni eslatadi. Deputatlar tasdiqlamasa nima bo‘lishi, qanday huquqiy oqibat kelib chiqishi haqida qonunda hech narsa deyilmagan.
Ko‘rib chiqiladigan masala bo‘yicha tayyorlangan qaror loyihasi tasdiqlanishi sessiya boshlanishidan oldin ma’lum bo‘lsa, bahs-munozaraga kirishishdan, vaqtni behuda cho‘zishdan nima foyda? To‘g‘ri, fikrlar aytilishi, takliflar berilishi mumkin, lekin ularning qabul qilinish-qilinmasligini hokimning yakka o‘zi hal etadi. Shunday bo‘lgandan keyin deputatlar faollik ko‘rsatishiga asos juda kamayib ketmaydimi?..
2014-yil aprel oyida Konstitutsiyamizning 103-moddasiga viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga hisobotlar taqdim etadi, ular bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi, degan mazmunda qo‘shimcha kiritilgan edi. O‘shanda bu yangilik demokratik nuqtai nazardan juda ulkan voqea bo‘lgani haqida OAV orqali katta shov-shuv ko‘tarilgan, “Kimsan hokim janoblari deputatlarga hisobot beradigan bo‘ldi, mana sizga demokratiyaning yorqin ko‘rinishi”, degandek fikrlar bildirilgan edi. Lekin ayrim savollar e’tiborsiz qoldirilgan edi.
Savol shunday ediki, qonunda hokim viloyat, tuman va shaharning oliy mansabdor shaxsi bo‘lib, ayni bir vaqtda tegishli hududdagi vakillik va ijroiya hokimiyatini boshqaradi, degan qoida bo‘lsa, hokim o‘zi rahbar bo‘lgan tashkilotga o‘zi hisobot beradimi? Bu g‘ayritabiiy holat emasmi?..
Ehtimol, shuning uchun Bosh qonunga 5 yil avval kiritilgan me’yorning samaralari hayotda sezilmayapti. Yig‘ilishlar ko‘paydi, semiz hisobotlar ko‘proq yoziladigan bo‘ldiyu, hududlarda vaziyat o‘sha-o‘sha. Ana shunday nomiga “ishlaydigan” me’yorlar xalq xohish-irodasi va jamoatchilik nazorati singari ulug‘vor tushunchalarning qadrini pasaytiradi. Holbuki, yer yuzidagi farovon jamiyatlar asosini ana shu qadriyatlar tashkil etadi.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashiga raislik maqomini bekor qilish bo‘yicha vazifa joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida alohida belgilab qo‘yilgan. Kerak bo‘ladigan hujjatlar loyihalarini tayyorlash yuzasidan parlamentda ishchi guruhi tuzilgan. Ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida Qonunchilik palatasi rasmiy saytida ma’lum qilindi. Garchi tashkiliy jarayon biroz cho‘zilayotgan bo‘lsa-da, yil oxirigacha ishlar yakunlanib qolsa kerak. Qonunlarni o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish unchalik qiyin emas. “Qonun o‘zgargani bilan hokimlar baribir deputatlarga gapini o‘tkazaveradi” degan eski qarash qachon o‘zgarishi dolzarb masala. Bizning tarixiy-ijtimoiy sharoitda bu ancha jiddiy savol.
Shuning uchun hokimning Kengash raisi maqomini bekor qilish jarayoniga chuqur yondashish talab etiladi. “Har yili o‘nlab, ba’zida yuzlab qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi, bu ham shunga o‘xshash voqealardan biri bo‘ladi”, degan o‘ta xotirjam munosabat yaramaydi. Hokimiyat, davlat oldida xalq vakillarining obro‘si, ta’sir kuchi oshishi odatiy jarayonlardan emas. Bu bir-ikkita emas, bir nechta qonun hujjatlariga har tomonlama puxta takliflar tayyorlanishi kerakligini aglatadi. “Hokim bundan buyon deputatlarga raislik qilmaydi”, degan mazmunda jo‘n me’yorni qonunlarga “qistirib” qo‘yish bilan vaziyat o‘zgarmaydi. Bu masaladagi o‘zgartirishlar shu vaqtga qadar ongimizga o‘rnashib qolgan “hokim” va “deputat” haqidagi tushunchalarni yangilashi kerak. Ishchi guruh ana shu mezonga mos takliflar tayyorlaydimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Qonunlarga tayyorlanadigan takliflar “hudud taqdiri bir kun kelib, boshqa kuni ketadigan hokimlarga emas, avvalo shu yerdagi odamlarning talabchanligi, harakatchanligiga bog‘liq” degan munosabatga kuch, dalda berishi kerak.
Bilasiz, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishida ijro hokimiyatidan tubdan farq qiladigan asosiy bitta omil bor. Hokim yakka irodasi bilan qaror qabul qiladi va ushbu qarori uchun kerak bo‘lsa, javobgar bo‘ladi. Lekin xalq deputatlari Kengashida qaror rais bo‘lgan hokim tomonidan emas, deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ya’ni, deputatlarda Kengash qaroriga ta’sir etish imkoniyati bor. Biroq bu hududlarda kam kuzatiladigan hodisa. Nega shunday bo‘ladi?
Bu masalada biz suhbatlashgan, ko‘pni ko‘rgan deputatlar quyidagicha fikr bildirishdi:
Qonunlarga bir qoidani kiritar ekanmiz, uning to‘liq amalga oshishiga mone’lik qilishi mumkin bo‘lgan boshqa qoidalar ham bekor qilinishi kerak. Aks holda, balandparvoz gaplar, ovoragarchiliklar havoga uchib ketaveradi, eski xatolar takrorlanaveradi.
Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunning 10-moddasida yer munosabatlarini tartibga solish yo‘rig‘i aks etgan. Unga ko‘ra, viloyat, tuman, shahar hokimi tashkilotlar va fuqarolarga yer berishga, bu huquqni to‘xtatib qo‘yishga, shuningdek, yerlarni olib qo‘yishga haqli ekani qayd etilgan. Qizig‘i, bu haqda hokim qabul qilgan qarorlar xalq deputatlari Kengashi tomonidan (ortiqcha muhokamalarsiz) tasdiqlanishi belgilangan.
Yerni istagan kishisiga berish va olib qo‘yishda hokimga taqdim etilgan keng vakolat vaqt o‘tgan sari katta muammolarni keltirib chiqardi. O‘zini o‘ylaydigan hokimlarning o‘z bilganicha chiqargan qarorlari tufayli qancha tadbirkorlar, yana qancha fermerlar mulkidan, necha yillik mehnati singgan yerlaridan ajralib qolyapti. 5 yil avval bir hokim qaror chiqarib bergan yer maydonini kecha kelgan yangi hokim qaror bilan olib qo‘yib, yerning tilini tushunmaydigan boshqa odamga berib yuborayotgan holatlar kam emas. Nimaga, deb savol bersangiz, hokim haq, u hududda mutlaq vakolatlar sohibi.
Yaqinda Adliya vaziri yer oldi-berdisi masalasida hokimlarga haddan ortiq vakolatlar berib yuborilgani, bu masala bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish kutilayotgani haqida gapirdi. Umuman, mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerakka o‘xshaydi.
Mamlakatdagi shuncha islohot, shuncha da’vatga qaramay, nega aksariyat deputatlarning to‘pig‘iga suv chiqmaydi? Bu javobi ko‘p savol. 2017-yil iyul oyida Oliy Majlisda parlament va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xalq deputatlari Kengashlari faoliyati nega ta’sirchan emasligi haqida bir muhim fikr aytilgan edi. Bu fikr hokimlarning hududlardagi saylov natijasiga ta’sir ko‘rsatishi masalasi bilan bog‘liq: ayrim hokimlar o‘z hududida o‘tadigan saylovning “ob-havosi”ni oldindan belgilaydi, kim deputat bo‘lishiga “yo‘llanma” beradi, o‘z atrofiga qo‘llovchilar, “xo‘pbo‘ladichilar komanda”sini yig‘ib oladi, ba’zi hududlarda saylovga umuman aloqasi bo‘lmagan boshqa idoralar ham jarayonga zimdan aralashib turadi. Bu o‘ta ayanchli masala.
Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilayotgan ekan, keyingi jiddiy savol qarshimizdan chiqadi. Joriy yil oxirida o‘tadigan saylovga munosabat qanday bo‘ladi? Hududlarda qandaydir sirli ro‘yxatlar paydo bo‘ladimi, yo‘qmi? Bu savollarga javob holati siyosiy partiyalar va nomzodlarning, eng asosiysi, xalqimizning kayfiyatini, saylovga, demokratiyaga ishonch darajasini belgilab beradi.
Xulosa o‘rnidagi fikr shunday. Xalqimiz taqdir taqozosi bilan har xil davrlar, turli sinovlarni boshidan o‘tkazgan, lekin har doim bilib turgan, yaxshidan yomonni, oqdan qorani ajrata olgan. Mustaqillik zamonida, qariyb o‘ttiz yil ichida saylovchilarning yangi, yetuk avlodi yetishdi, ular bu yilgi saylovga katta umid bog‘lashgan. Saylov haqqoniy bo‘lsa, mahalliy Kengashlarda, parlamentda chinakam deputatlik fazilatiga ega insonlar ko‘payadi. Shunda hokimlarning Kengash raisligi maqomi bekor qilinishi voqeasining hikmati ortadi, ezgu tashabbusning maqsadi, ma’nosi chuqurlashadi.
Izoh (0)