AQShda noqonuniy migratsiyaga qarshi bo‘lganlar Meksika bilan chegara hududda uch kun ichida devorning bir mil uzunlikdagi qismini qurdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qurilish bilan We Build the Wall (“Biz devor quramiz”) xususiy notijorat kompaniyasi shug‘ullandi. Kompaniyaga uch marta amputatsiyani boshidan o‘tkazgan veteran uchuvchi Brayan Kolfaj asos solgan. Tashabbuskorlar ichida konservativ siyosatchi Stiven Bennon ham bor. Ilgari u Donald Trampning siyosiy strategiyasiga mas’ul shaxs bo‘lib xizmat qilgan.
Devor qurish uchun pul GoFundMe xayriya xizmati yordamida yig‘ilgan. Xayriyada 8 million dollar to‘plangan. Yerni tayyorlash uchun 10 kunga yaqin vaqt ketgan. Balandligi 7 metrdan 12 metrgacha bo‘lgan devor esa dam olish kunlarida (2 kun) qurilgan. Faollarning e’tiborini tortmaslik uchun qurilish e’lon qilinmagan.
Quruvchilar, shuningdek, chegara patrul yo‘lida tunnel qazishga qarshi vositalar va kameralar o‘rnatmoqda. Kolfajning aytishicha, uning devori davlat tomonidan qurilganidan ko‘ra ancha sifatli. Ma’lum bo‘lishicha, bu xususiy shaxslar tomonidan chegara to‘siqlari qurishning birinchi holati.
Endi sotib olingan yerlar qurilgan obyektlari bilan birga davlatga ramziy narx bo‘lgan 1 dollarga sotiladi. Ilgari bu joyda Nyu-Meksiko va Texas shtatlarining kesishmasida devor bo‘lmagan. Shuning uchun bu hudud noqonuniy muhojirlar va kontrabandachilar uchun erkin o‘tish yo‘liga aylangan. Kolfajning so‘zlariga ko‘ra, bu yerdan har kuni minglab odamlar o‘tgan.
Meksika-AQSh chegarasida devor qurish Donald Trampning 2016-yildagi saylovoldi dasturidagi asosiy bandlardan biri bo‘lgan. Buning uchun u mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan va harbiy xarajatlarni boshqa sohaga yo‘naltirgan. Ammo 25-may kuni Kaliforniya sudi AQSh Mudofaa vazirligining budjetini bunday usulda ishlatilishiga taqiq qo‘ydi.
Izoh (0)