Xitoyning shimoliy hududlarida may oyi oxiri uchun noodatiy darajada issiq ob-havo hukmronlik qilmoqda, deya xabar bermoqda “TASS”. Meteorologlarning ta’kidlashicha, bu yilgi jazirama odatdagidan erta kelgan.
Mamlakatning shimoliy va shimoli-sharqiy qismida 23—25-may kunlari havo harorati +37 darajagacha ko‘tariladi. Pekinda, shuningdek, Xebey, Xenan va Shandun provinsiyalarida esa havo harorati +40 darajadan oshadi.
Xitoy Meteorologik markazi vakili Chen Taoning so‘zlariga ko‘ra, “hozirgi issiqlik to‘lqini uzoq davom etmaydi va Xitoyning uncha ham ko‘p provinsiyalariga ta’sir qilmaydi”. Biroq uning aniqlik kiritishicha, ob-havo qishloq xo‘jaligi va o‘rmonlarga xavf tug‘dirishi mumkin.
“May oyidagi issiqlik bug‘doy o‘sishiga ta’sir qilishi mumkin, shuningdek, o‘rmon yong‘inlari kelib chiqishi ehtimoli bor”, — degan meteorolog.
Xabarda aytilishicha, bunday ob-havo dushanbagacha davom etadi, shundan so‘ng Xitoy shimoli-sharqida yog‘ingarchiliklar kutilmoqda.
Izoh (0)