O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va Xitoy Xalq qurollangan militsiyasi o‘rtasidagi o‘zaro “Hamkorlik—2019” rejasiga asosan Jizzax viloyatida aksilterror o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Xitoy delegatsiyasi 2-may kuni tashrif buyurgan bo‘lib, hamkorlikdagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarga 5-may kuni Jizzax viloyatining “Forish” poligonida start berilgan.
Tadbir ochilishi marosimida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari general-mayor Botir Tursunov va Xitoy Xalq qurollangan militsiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari general-leytenant Sin Tyan ishtirok etgan.
Mashg‘ulotlar davomida Milliy gvardiya faxriy qorovul batalyoni shaxsiy tarkibi ko‘rgazmali chiqish qilgan. Xitoy Xalq qurollangan militsiyasi harbiy xizmatchilari esa qo‘l jangi bo‘yicha chiqish qilib, mototsikllarni boshqarish usullarini namoyish etgan.
Taxminan ikki hafta davom etishi kutilayotgan hamkorlikdagi harbiy-o‘quv mashg‘ulotlar uch bosqichda o‘tkaziladi:- 1-bosqich — yakka tartibdagi tayyorgarlik;
- 2-bosqich — guruh tarkibidagi tayyorgarlik;
- 3-bosqich — vzvodlar tayyorgarligi.
“Mazkur mashg‘ulotlarning asosiy vazifasi — Xitoy Xalq qurollangan militsiyasi va O‘zbekiston Milliy Gvardiyasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdir”, — deydi boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuhrat G‘aniyev.
Izoh (0)