Joriy yilning 5-mart kuni “Daryo”da “Andijonlik 9 nafar farzandi bor tadbirkor “Mikrokreditbank” rahbariyatidan nega norozi?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda Andijon shahridagi Bog‘ishamol avtomobil bozori hududida joylashgan “Shukrona Shunqor Shohid” xususiy korxonasi rahbari Shukurjon Qodirohunovning “Mikrokreditbank” ATB Andijon viloyati filiali rahbariyati bilan kelisholmay, kredit masalasida bir necha yildan buyon sarson yurgani haqidagi murojaati bo‘yicha “Daryo” muxbirining jurnalistik surishtiruvi bayon etilgandi. Oradan biroz vaqt o‘tgach tahririyatimizga mazkur maqola yuzasidan “Mikrokreditbank” ATB Andijon viloyat mintaqaviy filialidan javob xati keldi.
Bank nimalarga raddiya bildirmoqda?
Bank tomonidan bildirilgan ushbu munosabat maktubida quyidagi fikrlar keltirilgan:“Eng avvalo maqola qahramoni bo‘lmish – Shukurjon Kadir-Axunov (rasmiy hujjatlarda uning ism-sharifi shunday yozilgan) tomonidan olti yil oldin, ya’ni 2013-yilda olingan kredit va uning taqdiri haqida ikki og‘iz so‘z. “Shukrona Shunqor Shoxid” xususiy korxonasi rahbari Sh.Kadir-Axunov tomonidan “Mikrokreditbank”ning Andijon shahar Amaliyot bo‘limidan 2013-yilda 24 oy muddatga 39 million so‘m kredit mablag‘lari olingan. Kreditni qaytarishda bank bilan tuzilgan kredit shartnomasi bandlari mijoz tomonidan qo‘pol ravishda buzilgan. Ya’ni maqolada, murojaat muallifining o‘zi ta’kidlaganidek, “mablag‘larni ayasining ma’rakalari va tirikchilikka sarflagan. Yetti oylik kredit grafigi buzilganligi bois qarzini vaqtida to‘lolmagan”. Sudga berilganidan so‘nggina bank oldidagi qarzdorlik bartaraf qilingan.
Shu o‘rinda o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, O‘zbekistonni qo‘ya turaylik, jahon miqyosidagi qaysi bir bank idorasi – muqaddam kreditni o‘z vaqtida to‘lamasdan, berilgan mablag‘ sudma-sud yurib, undirilgan holatda, obrazli qilib aytganda, “ishonchsiz mijoz”lar ro‘yxatiga kirgan yuridik yoki jismoniy shaxsga – qaytadan kredit beradi?.. Ammo shunday bo‘lsa-da, Sh.Kadir-Axunovga yana bir imkon taqdim etildi. To‘g‘rirog‘i, 2017-yil Prezidentimiz tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deya e’lon qilingan davrda, mamlakatda boshlangan o‘zgarishlar shamoli ta’sirida, qolaversa, xususiy tadbirkorlikka keng erkinliklar berish yo‘lida hissa qo‘shish maqsadida, bank va “Shukrona Shunqor Shoxid” xususiy korxonasi o‘rtasida 2017-yil 14-fevralda tuzilgan 569-sonli kredit shartnomasiga asosan, kafe va pleysteyshn o‘yingohi tashkil etish uchun 36 oy muddatga 18 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan, mazkur korxonaga 150 million so‘mlik kredit ajratilgan.
Sh.Kadir-Axunovning “bankdan 200 million so‘m kredit so‘ragani-yu, bankning 150 million so‘m mablag‘ taqdim etgani” masalasida shuni aytish mumkinki, mijozning o‘zi 2017-yilning 10-fevral kuni bank tomonidan 554-son bilan ro‘yxatga olingan arizasida “150 million so‘m ajratishingizni so‘rayman”, deya yozgani – ham raqamlar, ham qavs ichiga olingan harflar vositasida, aniq-tiniq ko‘rinib turibdi.
Demak, anglashiladiki, mijoz tomonidan aynan shu miqdorda kredit berilishi so‘ralib, ariza yozilgan va u bank qoshidagi kredit qo‘mitasi qarori bilan ko‘rib chiqilib, kredit berilgan. Basharti arizada 200 million so‘m so‘ralib, unga 150 million so‘m ajratilgan bo‘lganda ham, mijoz – maqolada tilga olinganidek, “shartnomaga imzo qo‘ymasdan chiqib ketgan” va uning gaplari to‘g‘ri chiqqan bo‘lardi. Bu yerda hech qanday qoidabuzarlik ham, aldam-qaldam gaplar bilan mushtariyni chalg‘itishga hojat ham yo‘q.
Ana endi maqolada tilga olingan yana bir detal, aniqrog‘i, kredit uchun garovga qo‘yilgan mulk, ya’ni bozor ichidagi do‘konning narxi bilan bog‘liq tafsilotlar haqida. Ochig‘i, bu faktni taqdim etishdan oldin o‘zimiz ham biroz ikkilandik. Ammo maqola “qahramon”i bo‘lmish – Sh.Kadir-Axunov to‘qqiz bolasini o‘rtaga qo‘yib, go‘yoki bank shu murg‘aklarning ertangi taqdirini o‘ylab bo‘lsa ham, “kredit berishi shart”dek tasavvur qoldirishga urinayotgani, aynan shu maqsadlar maqola sarlavhasidanoq “ufurib” turgani bois, uni ham havola qilishni lozim topdik.
Gap shundaki, “9 farzandi bor tadbirkor “Mikrokreditbank” rahbariyatidan norozi”, “o‘ninchi farzand dunyoga keldi, holat esa “eski hammom, eski tosligicha” qolmoqda”, deya yozdirayotgan maqola qahramoni (yoki muallifi) bir vaqtlar, aniqrog‘i kredit olayotgan kezlarda – o‘sha 9 bola u yoqda tursin, hatto turmush o‘rtog‘i bilan ham qonunan yashamasligini uqtirib, notariusda tasdiqlangan shartnomaga o‘z qo‘li bilan imzo chekib bergan. Bu o‘rinda biz – kredit olish uchun garovga qo‘yilgan mulk, ya’ni do‘kon bilan bog‘liq “Garov shartnomasi”ni nazarda tutmoqdamiz.
Shu o‘rinda ko‘p emas, atigi ikkita savol tug‘iladi. Xo‘sh, maqolada “garovi 300 milliondan ortiqqa tortishini” zo‘r berib uqtirgan tadbirkor nega 2017-yilning 12-yanvarida, Andijon shahridagi 1-sonli Davlat notarial idorasida, notarius A.Sherbayev tomonidan tasdiqlangan “garov shartnomasi”da o‘sha mulkini – o‘zi hozir “bahosi shuncha edi” deyayotgan summadan ham 100 million so‘mdan kam narxga, aniqrog‘i, 195 million so‘mga baholatib, o‘z qo‘li bilan imzo chekdi? Bu – birinchi savol.
Ikkinchi va undan ham muhim savol shuki, nega maqolada “Kredit shartnomasida meni uylanmagan, deb yozishgan. Ko‘rib turganingizdek, oilali va to‘qqiz farzandning otasiman”, deya har ikki gapning birida oilali ekanligini-yu, bolalarini ro‘kach qilayotgan Sh.Kadir-Axunov notarial tasdiqlangan shartnomaning 11-band 4-xatboshisida, o‘z qo‘li bilan “Men, garovga qo‘yuvchi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 24-moddasi 2-bandi talabiga rioya qilib, ushbu mulkni garovga qo‘yishga da’vo qilishi mumkin bo‘lgan turmush o‘rtog‘im yo‘qligini, hozirda qonuniy turmasligimni bildiraman” deya yozib, ham o‘sha satrlar ostiga, ham shartnoma so‘ngida qayta-qayta imzo qo‘yib bergan? Sizga bu holat g‘alati tuyulmayaptimi?..
Harholda, o‘zi shartnomada uqtirayotgandek – “turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy turmaydigan” qahramonimizning – bebiliska kredit olish ishtiyoqi tug‘ilganda, “to‘qqiz bolali” ekanligini dod solib aytib, ko‘krakka urishini, “jigardan bo‘lgan pul tikilgan” – garovni rasmiylashtirayotganda esa turmush o‘rtog‘i ham, garovga da’vo qiladigan qonuniy hech kimi yo‘qligini yozib berayotganini qanday tushunish – har kimning o‘ziga havola...
Shunday qilib, rasmiy tilda ifodalaydigan bo‘lsak, qarzdor, ya’ni “Shukrona Shunqor Shoxid” xususiy korxonasi tomonidan kredit shartnomasining to‘lov majburiyati qo‘pol ravishda buzilganligi sababli, kredit shartnomasini muddatidan ilgari, Savdo sanoat palatasi orqali kiritilgan da’vo arizasi asosida, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudida mazmunan ko‘rib chiqilgan. Sudda esa, qarzdorga yana bir imkon taqdim etilgan, ya’ni Andijon shahar, Orol ko‘chasi, 23-uy manzilida joylashgan “Shukrona Shunqor Shoxid” xususiy korxonasi bilan 2018-yil 16-martda kelishuv bitimi rasmiylashtirilgan. Ya’ni dabdurustdan ijroga kirishilmasdan, hukm birdaniga Majburiy ijro byurosiga ijro uchun jo‘natilmay turib, mavjud 170,0 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik to‘liq to‘lanishi, aks holda majburiy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida korxona yana bir bor ogohlantirilgan. Mijoz sudda bu majburiyatni gardaniga olgan.
Xo‘sh, Sh.Kadir-Axunovning alal-oqibat muddaosi nima, deya anglamay turganlarga yana bir bor eslatamizki, uning kreditni o‘z vaqtida to‘lay olmayotganligiga – boz yana, kelib-kelib bank (!) aybdor emish. Ya’ni shuncha “hunar” ko‘rsatib, mablag‘ to‘lash fursati kelganda, bo‘yin tovlayotgan bu mijozga bank yana 50 (ellik) million so‘m berishi, shundan so‘ng basharti ahvoli o‘nglanib ketsagina, sekin-asta qarzini uzarmish. Qandingizni uring-ye, janob mijoz... “Olarda – kirar jonim, berarda – chiqar jonim” naqli yodingizga tushmayaptimi?
Xullas kalom, suddagi kelishuv bitimi shartlari ham “ish bermadi”, ya’ni u korxona rahbari tomonidan bajarilmadi. Bugungi kunda korxonaning bank oldidagi 187,6 million so‘mlik muammoli kredit qarzdorligi bor. Sud ajrimida – “Shukrona Shunqor Shoxid” xususiy korxonasi tomonidan olingan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, bank filiali ijro varaqasi olish uchun Sudga murojaat qilishi mumkinligi belgilangan edi. Shunday qilindi ham. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi, bank arizasini ko‘rib chiqib, 2018-yil 6-iyun kuni 2-1701-1801/2285-sonli ijro varaqasini taqdim etgan. U esa Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Andijon shahar bo‘limiga topshirilgan. Bugungi kunda ijro harakatlari olib borilmoqda.
Darvoqe, shu o‘rinda maqolada murojaat muallifining rafiqasi Nasibaxon Qodiroxunova tomonidan aytilgan “Bankdagilardan farzandlarimni boq yoki cho‘ntagingdagi puldan ber, demayapmiz-ku. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga berilishi kerak bo‘lgan mablag‘dan so‘rayapmiz xolos”, degan da’voga javoban shunday demoqchimiz:
“Ha, bankdagilar kreditni cho‘ntagidan bermasligi mumkin. Davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash siyosati yuritilmoqda. Lekin turmush o‘rtog‘ingiz qayta-qayta, takror va takror o‘z vaqtida to‘lamagan qarzlar-u foizlar hisobiga ham ancha-muncha tadbirkorlarga kredit ajratilishi mumkin edi. Tasavvur qilingki, biror marta o‘z vaqtida to‘lamagan kreditlaringiz boshqa bir – intizomli, turfa nag‘malardan ko‘ra, halol ishlash va olgan pulini vaqtida to‘lashni afzal bilgan tadbirkorga ajratilganda, davlatimizga ko‘proq nafi tekkan bo‘lardi. Sizni sargardon qilgan bank emas, balki hatto nomingizniyam tilga olmay, rasmiy hujjatda “turmush o‘rtog‘im yo‘q, birga turmayman” deya yozib, imzo qo‘yib bergan – eringiz bo‘ladi.
Biz saytda e’lon qilingan, maktub boshida nomi keltirilgan maqolalar yuzasidan o‘z mulohazalarimizni, boz ustiga hujjatlar tili bilan bayon etdik. Xulosa chiqarish – Sizga (“Daryo” rahbariyati), maqola saytda e’lon qilingach esa, mushtariylar hukmiga havola.
Aytmoqchi bo‘lganimiz – xolis bo‘lib, hukm chiqaraylik!
Tadbirkor nima deydi?
Rasmiy hujjatlar nusxasi va fotosuratlar ilova qilingan bankning javob maktubi bo‘yicha tadbirkorning ham fikr-mulohazalariga quloq tutdik:- Saytlaringizda muammoim yoritilgach, hech bir mutasaddi, hatto “Mikrokreditbank”dan ham biror rahbar qo‘ng‘iroq qilmadi yoki mening ahvolimni atroflicha o‘rganmadi. Hammasi qog‘ozda chiroyli yozilyapti-ku, ammo amalda bo‘lmayapti. Kredit shartnomasiga oila a’zolarim bilan qonuniy turmasligimning yozilganligini o‘tgan yili bildim. O‘shanda bank sudga da’vo arizasi kiritgan va advokat bilan ishlash jarayonimizda u hujjatda shunday yozilganligini aytdi. Ochig‘i, ungacha buni bilmasdim. Negaki, bank xodimlariga ishonardim va menga sira pand berishmagan. Lekin bankning ko‘plab xodimlari ko‘p farzandim borligini yaxshi bilishardi. Har gal ota bo‘lganimdan xabar topishgach, bankka ish yuzasidan borganimda tabriklashgan. Bu borada hech qachon notarius oldiga bormaganman va unga “Xotinim bilan qonuniy yashamayman” degan fikrlarni aytmaganman.
Binoimni bankdan biror mutaxassis kelib, atroflicha o‘rganib, so‘ng baholamagan. Barchasi ko‘r-ko‘rona qilingan. O‘zim esa 2017-yilning yanvarida “Global ekspert lyuks” MChJ mutaxassisini olib kelganman. U binoim bilan to‘liq tanishgan va 351 250 000 so‘mga baholagan. Bank rahbariyati nega menga biznes rejamni ko‘rsatmayotganiga sira tushunmayapman. Axir men biznes rejaga bank 200 million so‘m bersa, o‘zimdagi mavjud 50 million so‘m, jami 250 million so‘m bilan loyihamni bitirishimni yozganman-ku. Biznes rejamni topib, o‘zimga ko‘rsatishsin, ular bilan bahslashmayman. Ammo biznes rejamni topisholmayapti. Men qanday vaziyatda bo‘lmasin, barcha fikrlarimni isbotlay olaman. Nohaq bo‘lganimda sizlardan yordam so‘rab, murojaat qilmagan bo‘lardim.
Meni nega biror amaldor tushunmayotganiga hayronman. Agar bank menga vaqtida 200 million yoki kech bo‘lsa ham 50 million so‘mni berganida, loyiham oxiriga yetardi. Hozir mablag‘ yetmagani bois ishim chala turibdi va aylanma mablag‘ bo‘lmayapti. Ortiqcha do‘kon va uchastkalarim, mashinam bo‘lganida, allaqachon sotib, qarzimdan qutulardim. Hozir bu binoimni sotib, bankdan qarzimni uzdim ham deylik. Undan keyingi hayotim qanday kechadi? Shuni kimdir o‘ylab, insoniy jihatdan ko‘maklashishini istardim. Bankdan qo‘shimcha mablag‘ so‘rash va sarson yurish menga ham havas emas. To‘g‘risi, juda zerikdim va charchadim. Bir kun “portlab” ketmasam bo‘ldi.
Biznes reja qayerda?
Biz avvalgi jurnalistik surishtiruvimizda har ikki tarafning fikr-mulohazalariga quloq tutib, o‘rin ajratgan edik. Lekin aftidan bu filial rahbarini qanoatlantirmagan ko‘rinadi. Bankning raddiya tarzida yozilgan javob xatini o‘qib, bir nechta holatga ajablandik. Surishtiruv olib borganimizda “Mikrokreditbank” ATB Andijon viloyati mintaqaviy filiali raisi Oybek Isaqov nega yuqoridagi fikrlarni bizga aytmagandi? Oradan o‘n kundan ortiq vaqt o‘tibgina so‘ng javob xati yozganini qanday tushunish mumkin?Bank o‘z javob xatida tadbirkor bankdan 200 million so‘m emas, 150 million so‘m mablag‘ so‘raganini hujjatlar bilan isbotlashga harakat qilgan. Tadbirkor 200 million so‘m kredit xohlaganini bank ilk bor “Daryo”dagi maqola orqali xabar topmagani aniq. Dastlabki maqolada “Mikrokreditbank” ATB Andijon viloyati filiali raisi Oybek Isaqov bu haqda to‘xtalgandi. Isaqov uning o‘rnida Qudratbek Mamadaliyev vaqtincha boshqaruvchi vazifasini bajargan paytda tadbirkor biznes rejasida 200 million berishni so‘rab murojaat qilgani, amaliyot boshqarmasi xodimlari 150 million bera olishini aytgani, keyinchalik 150 million so‘mga kredit shatnomasi tuzilganini ma’lum qilgandi.
Tadbirkorning o‘zi ham ilk materialda ishga shahar prokurori aralashganidan so‘ng 150 million so‘m kredit olishga rozi bo‘lgani, qolgan 50 million so‘mni bank uning turmush o‘rtog‘iga iste’mol krediti sifatida berishni va’da qilganini aytgandi. Tadbirkorning ayoliga iste’mol krediti sifatida berilishi va’da qilingan (va yakunda berilmagan) 50 million so‘m haqida javob xatida so‘z bormagan.
Xolis bo‘lib, hukm chiqarish uchun tadbirkorning biznes rejasi yetishmayotgandek. Bankning javob xatida ham biznes reja taqdiri haqida lom-mim deyilmagan. Axir ishbilarmon va bank o‘rtasidagi munosabatlar asosan biznes reja orqali bog‘lanadi-ku. Agar haqiqatdan barcha ayb tadbirkorda bo‘lsa, nega uning biznes rejasi topilmayapti?
Xulosa o‘rnida aytish joizki, aslida bizning maqsad kimnidir “qahramon” qilish emas, balki mavjud vaziyatga oydinlik kiritish edi.
Izoh (0)