O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi so‘zlarining muallifi, ulkan davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 78 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik Instituti tomonidan “Sen bahorni sog‘inmadingmi?” mavzusidagi badiiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Tadbirda Abdulla Oripovning rafiqasi Xanifa Oripova, qizi Zarifa Oripova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi birinchi o‘rinbosari Minxojiddin Mirzo, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi mas’ul xodimi Doniyor Begimqulovlar ishtirok etgan. Tashrif buyurgan mehmonlar A.Oripovning o‘zbek she’riyatiga qo‘shgan ulkan va beqiyos hissasini e’tirof etib, shoirning Ona Vatanga bo‘lgan muhabbati shunchaki muhabbat emas, balki otashin muhabbat ekanligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, mehmonlar tadbir qatnashuvchilariga shoir hayoti bilan bog‘liq turli qiziqarli voqealarni so‘zlab bergan.
Ijodiy kechada so‘zga chiqqanlar Abdulla Oripovning hozirgi o‘zbek adabiyoti va zamonaviy tarjimashunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z yuritgan. Abdulla Oripov asarlarining milliy ruhiyatga ta’siri, milliy ma’naviyatning shakllanishidagi rolini alohida ta’kidlagan.
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim Abdulla Oripovning o‘z she’riyatida so‘z va iboralarning ishlatilishida o‘ziga xos badiiy yondashuvi, ruh ozodligi talqini haqida so‘zlagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi mas’ul xodimi Doniyor Begimqulov Abdulla Oripovning jonkuyar va g‘amxo‘r ustoz sifatidagi xislatlariga alohida to‘xtalgan.
Badiiy-ma’rifiy kechada buyuk adibning hayoti va ijodini eslab institut kursantlari uning sara asarlaridan namunalar o‘qigan.
Izoh (0)