Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanistonning “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
-1v9phF-K.avif)
Ordenini tantanali topshirish marosimi BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbari Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va qardosh turkman xalqiga yuksak davlat mukofoti uchun minnatdorlik bildirdi.
-dbdhk20e.avif)

“Ushbu mukofotni O‘zbekiston va uning ko‘p millatli xalqiga alohida e’tibor va hurmat, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning e’tirofi sifatida qabul qilaman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Arqadag‘ va mintaqaning barcha davlatlari rahbarlari Markaziy Osiyoda hamkorlikni ilgari surishga ulkan hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi. Bugun butun xalqaro hamjamiyat mintaqaviy sheriklik va o‘zlikning yangi modelini barpo etishdagi umumiy muvaffaqiyatlarimizni e’tirof etayotgani ta’kidlandi.
So‘zining yakunida davlat rahbari yuksak mukofot uchun yana bir bor minnatdorlik bildirib, qardosh turkman xalqini shu kunlarda o‘tayotgan BMT konferensiyasi bilan tabrikladi hamda joriy yil dekabr oyida Ashxobod shahrida Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasidagi global sammit muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
“Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni to‘g‘risida
Ushbu orden Turkmanistonda 2017-yil 30-sentyabrda ta’sis etilgan. Mukofot xorijiy davlatlarning taniqli davlat va jamoat arboblariga xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari, shuningdek, Turkmanistonning xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.
Bugungi kunga qadar 4 xorijiy davlat arbobi orden bilan taqdirlangan:
- Rossiya prezidenti Vladimir Putin (2017-yil 1-oktyabr);
- Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (2021-yil 29-noyabr);
- Rossiya Federal majlisi federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko (2022-yil 12-may);
- Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sohiba Gafarova (2022-yil 8-dekabr).
O‘zbekiston prezidenti xorijiy davlatlarning boshqa nufuzli medal va ordenlari bilan ham taqdirlangan. Jumladan, Qirg‘izistonning “Danaker” ordeni (2017-yil 22-noyabr) Qozog‘istonning “Do‘stlik” ordeni (2018-yil 14-mart), Rossiyaning “Aleksandr Nevskiy” ordeni (2022-yil 15-sentyabr) Fransiyaning “Faxriy legion” ordeni (2025-yil 13-mart).
Izoh (0)