Xalq deputatlari Paxtachi tumani Kengashi deputati, O‘zLiDeP faoli Shavkat Mirzayev 2012-yildan buyon “Mirzayev Shuhrat Kenjayevich” fermer xo‘jaligiga rahbarlik qiladi, deb yozadi “Zarnews.uz”.
Fermer xo‘jaligining umumiy maydoni 102 gektarni tashkil etib, g‘alla va paxta yetishtirishga ixtisoslashgan.
2015-yildan ko‘p tarmoqliga aylantirilgan mazkur fermer xo‘jaligida hozirda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, issiqxona yo‘nalishlarida tadbirkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 20 dan ortiq ishchi o‘rinlari yaratilgan.
Sh.Mirzayev daromadlaridan fermer xo‘jaligi a’zolari hamda mahalladagi yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan oilalar turmush tarzini yaxshilashga, o‘z mahallasi hududini obodonlashtirishga yordam berib, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatib keladi.
2018-yilda u tumanda kutubxona qurishga qaror qildi va yangi qurilgan yoshlar bog‘ida qariyb 230 kv metrni tashkil etadigan katta kutubxona barpo etdi.Unda elektron kutubxona, mumtoz adabiyot, ilmiy, badiiy adabiyot yo‘nalishlarida o‘quv zallari tashkil etish rejalashtirilgan.
– Bugun yurtimizda tadbirkorlar va ishbilarmonlarga katta imkoniyatlar yaratilganligi sabab men o‘zimni shu yo‘nalishda omadli inson sifatida kashf qildim. Ozmi, ko‘pmi xalqimga nafim tegishi kerak, deb o‘ylayman. Prezidentimizning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida tumanimizda kutubxona qurishga kirishdim. Ushbu maskan yoshlarimiz uchun ta’lim va tarbiya o‘chog‘iga aylansa, men maqsadga erishgan bo‘laman, – deydi Sh.Mirzayev.
Kutubxona qurilishi bitkazilib, jihozlash ishlari boshlangan. Uning joriy yilda Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)