Olimlarning xalqaro guruhi mis va organik moddalardan biologik faol birikmani sintezladi. Natijada mis atomi va uni o‘rab olgan ligandlar — markaziy atom bilan bog‘langan komplekslardan tashkil topgan kattagina molekula paydo bo‘ldi. Yangi birikma o‘zining zamonaviy muqobillariga nisbatan kuchli antibakterial effektga ega. Ishlab chiqarishda esa narxi arzonga tushadi.
Mis komplekslarining biologik faolligi tajribalarda o‘rganilishi natijasida olimlar shunday xulosaga keldi, yangi birikma bakteriyalarni toza ligandga qaraganda kuchliroq nobud qiladi, lekin ayni vaqtda zamburug‘larga nisbatan kamroq samarador. Yangi tarkibning ta’sir effektivligi uning organizmda parchalanishiga emas, balki bakteriyaning aynan ma’lum qismiga ta’sir etishiga bog‘liq, deb xabar bermoqda “Phys.org”. Molekulalarni hujayraga ko‘chirib olib kiruvchi metall va organik ligandlar birikmasi biologik jarayonlarda muhim rol o‘ynaydi. Bunday moddalardan infeksion, virusli, onkologik va metabolik buzilishlarning diagnostikasi va davosida foydalanish mumkin.
Mis ionlari aerob organizmlar — o‘simliklar, hayvonlar va mikroorganizmlar uchun katta ahamiyatga ega. Chunki u kislorod molekulasini transport oqsillariga birikishida va elektronlarni ko‘chirib o‘tkazishda qatnashadi. Mis oksidi komplekslariga perspektiv antibakterial agentlar va platina asosidagi o‘smalarga qarshi preparatlar uchun alternativ dori moddalari sifatida qaralmoqda.
Yaqinda dori moddasini kasallangan a’zoga yetkazib beradigan kichik o‘lchamli bioreaktiv dvigatelga ega tabletkalar ishlab chiqilgan edi.
Izoh (0)