Londonda Britaniyaning mashhur Wanderlust jurnali talqini bo‘yicha turizm sohasida Wanderlust World Guide Awards mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jurnal turizm sanoatidagi hodisalarni yoritishga ixtisoslashgan, deb yozadi “Podrobno.uz”.
G‘oliblar jurnal mushtariylarining “Tashrif buyurish uchun eng ommabop davlat”, “Eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishi”, “Sayyohlar uchun eng ommabop shahar”, “Eng yaxshi aviakompaniya” va “Eng yaxshi turoperator” nominatsiyalari bo‘yicha ovoz berishi orqali tanlandi.
Joriy yilda tanlovda turli nominatsiyalar bo‘yicha Namibiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron, Laos, Singapur, BAA, Buyuk Britaniya va Ispaniya g‘olib bo‘ldi.
Davlat turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston “Eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishi” (Top emerging destination) nominatsiyasida g‘olib deb e’lon qilingan. Ovoz berish davomida respublika Samarqand, Buxoro va Xivaning boy madaniy-tarixiy merosi, shuningdek, sayyohlik bozorini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar tufayli Eronni ortda qoldirishga erishgan.
Izoh (0)