Tojikiston parlamenti O‘zbekiston bilan chegarada yangi nazorat punkti ochilishini ma’qulladi. Bu haqda Asia-Plus xabar bermoqda.
Ikki davlat chegarasida yangi nazorat punkti ochilishi to‘g‘risida Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning o‘tgan yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari davomida kelishuvga erishilgandi.
Mamlakat parlamentining quyi palatasida ushbu masala yuzasidan Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Rajabali Rahmonali axborot berdi.
Uning aytishicha, yangi punkt Tojikiston va O‘zbekistonning chegaradosh hududlari aholisi o‘rtasida bordi-keldini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi, ikki davlat chegarasidagi boshqa nazorat punktlarida navbat kamayishiga olib keladi.
Rajabali Rahmonalining chiqishidan so‘ng parlament Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tegishli hukumatlararo kelishuvni ratifikatsiya qildi.
“Bobotog‘” punkti Tojikistonning Hisor va O‘zbekistonning Uzun tumanlarini bog‘laydi. U xalqaro maqomga ega bo‘lmaydi, ikki davlat fuqarolari va transport vositalariga xizmat qiladi.
Yangi punkt kunduzgi vaqtda faoliyat yuritadi.
Izoh (0)