12-fevral kuni tuni bilan yog‘gan yomg‘ir sabab, Qarshi shahrining markaziy ko‘chalarida “dengizcha”lar paydo bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Shahar markazining asosiy ko‘chalardan biri Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Asia Alliance Bank yonida paydo bo‘lgan ko‘lmak sabab, avtoulovlar qatnovida tirbandlik yuzaga kelgan.
Mahallalarning ichki ko‘chalarida ahvol bundan ham yomon.
Xalq tilida Eski bozor nomi bilan mashhur chorraha — Islom Karimov hamda Nasaf ko‘chalari kesishmasida esa avtomobillar harakati uchun xavfli holat yuzaga kelgan. To‘g‘rirog‘i, chorrahadagi svetofor oldi butunlay suv bilan qoplanganligi bois, haydovchilarning yo‘l chetidagi suv bilan to‘lgan “lotok”ka tushib ketish xavfi yuzaga kelgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir hafta ilgari viloyatdagi mahalliy OAVlarda yog‘gan yomg‘ir sabab ayni shu joyda Lacetti avtomobilining chuqurga tushib ketgan holati aks etgan suratlar ham tarqalgandi.
Izoh (0)