Toshkent shahri masjidlarida diniy-ma’rifiy nashrlarning virtual kutubxonalari tashkil etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hozirga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “Hilol nashr” nashriyot birlashmasi bilan hamkorlikda Toshkentdagi 10 ta — “Minor”, “Xo‘ja Alambardor”, “Mirza Yusuf”, “Katta Qozirobod”, “Firdavs”, “Islomobod”, “Kamoliddin Orif al-Buxoriy”, “Kulolqo‘rg‘on”, “Masjidul xayr”, “Yunusobod” jome’ masjidlarida Wi-fi qurilmasi o‘rnatilib, uning yordamida elektron kutubxona tizimiga bepul kirish imkoniyati taqdim etildi.
Masjidga kirgan kishi o‘zining smartfoni, plansheti yoki noutbuki orqali masjiddagi “kutubxona” nomli Wi-fi tarmoqqa ulangan holda, internet brauzeridan “v.kitob.uz” manzilini yozib kirsa, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qalamlariga mansub kitoblar bilan tanishishi, ularni mutolaa qilishi mumkin.
Toshkent shahridagi “Zangi ota” jome masjidi ham o‘zining bepul Wi-fi tarmog‘iga ega bo‘lib, namozxonlar Wi-fi’ga ulangan holda “Shosh.uz” veb-saytidagi masjid sahifasiga kirishlari, undagi diniy-ma’rifiy maqolalar, masjid imom-xatibining audio, video ma’ruzalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.
Kelgusida virtual kutubxona tizimiga ega masjidlar sonini yanada oshirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)