Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining topshirig‘iga asosan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, aholini is gazidan zaharlanishining oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlarni olib borish maqsadida shahar-tumanlar kesimida sektorlar rahbarlari boshchiligida 64 ta ishchi guruh tuzildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Mazkur ishchi guruh tomonidan bugungi kunga qadar 1099 marotaba joylarda turli reydlar o‘tkazildi.
“Hozirgi kunda viloyatda alohida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, viloyat hududidagi mahallalarda va aholi turar joylarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarni is gazidan zaharlanishi va boshqa noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha shahar va tumanlarda amalga oshirilgan ishlarni tekshirish hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish uchun viloyat IIB YoXB va viloyat IIB XPB xodimlari shahar va tumanlarga xizmat safariga jo‘natildi”, — deydi IIB YoXB matbuot xizmati rahbari Ilhom Ismoilov.
Ma’lumot uchun, 2018-yilda Samarqand viloyatida 1271 ta yong‘in sodir bo‘lgan, 47 nafar fuqaro kuyish tan jarohati olgan. 16 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Is gazidan zaharlanish bo‘yicha 8 ta holat qayd etilib, ushbu holatlarda 12 kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumgan, 11 kishi jabrlangan. 2019-yilda ham Samarqandda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq holatlar qayd etildi. 2-yanvarga o‘tar kechasi Kattaqo‘rg‘onda bir oilaning 4 a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.
Izoh (0)