Yaqinda bloger Levik o‘z blogida Bali sohili haqida post e’lon qildi. U Bali sohili har doim internetda ko‘ringanidek chiroyli joy emasligini ko‘rsatib berdi. Post quyida to‘lig‘icha keltirildi.
Mana, va nihoyat, uyga qaytdim. Menimcha, sizlarga jannatdek tasvirlanadigan Bali sohillari haqida achchiq haqiqatlarni aytib beradigan vaqt keldi deb o‘ylayman. Ajablanarlisi, bu haqida to‘lib-toshib yozuvchi birorta blogerning postlarida o‘qimaysiz. Ularning barchasi Balini qordek oppoq qum va lojuvard suvga ega jozibali jannat kabi maqtashadi. Afsuski, aslida hamma narsa ham Internetda yozilgan chiroyli maqolalardagidek emas.
Ta’tilga otlangach, xuddi men kabi hafsalangiz pir bo‘lmasligi uchun hammasini ro‘yi rost, ortiqcha bo‘yoqlarsiz aytib beraman. Bu blogni o‘qib chiqqach, Balida dam olishga otlangan (yoki orzu qilayotgan) do‘stlaringizga ham ko‘rsating. Axir, ogohlantirilgan odam – qurollangan odam degani-ku.
Agar “Bali” so‘zi bilan Instagram’da qidiruv bersangiz, unda siz bepoyon sohil va chiroyli odamlarning fotosuratlarini ko‘rishingiz mumkin – ularning ko‘pi sarvqomat qizlar. Biz ham ta’tilda ana shunday orolga borishni ko‘zlab chiqqandik.
Shubhasiz, uzoq kutilgan ta’tilga kelganidan keyin Instagram’ga hech kim orolda emas, balki chiqindi tashlanadigan joyga o‘xshaydigan joydagi suratlarni joylashni xohlamaydi. Hamma ham uyida qolgan do‘stlarini havasini keltirish uchun chiroyli suratlarni namoyish qilishni xohlaydi. Masalan, ularni Baliga borish fikriga undagan suratlarga o‘xshash suratlarni.
Tan olaman, bu borada men ham biroz aybdorman – masalan, yangi yil oldidan hech kimning kayfiyatini buzmaslik uchun ijtimoiy tarmoqqa yopiq toza cho‘milish havzasida tushgan suratimni joyladim.
Natijada odamovi doiralar hosil bo‘ladi – hech kim haqiqatni birinchi bo‘lib ko‘rsatishni xohlamaydi. Hech kim jannatmakon sohilga intilib, aslida axlatxonaga borib qolganini tan olishni istamaydi. Lekin bunga qandaydir chora ko‘rish kerak-ku! Shuning uchun men sizlarga aslida hammasi qanday ko‘rinishda ekanini aytib beraman.
Shunday qilib, biz Seminyakga keldik, buyumlarimizni villada qoldirib, sohilga shoshdik. U yerga bordig-u darhol ko‘nglimiz g‘ashlanib qoldi.
Qumda bo‘shagan butilkalar, paketlar, konfet qog‘ozlari, stakanlar yoyilib yotardi…
Soyabon va shezlong (yengil kresloning bir turi) bor joylarda bunday chiqindilar nisbatan kamroq edi.
Boshqa joylarda esa ko‘p.
Bundan tashqari, qum ustidagi plastmassa chiqindilarining adog‘i ko‘rinmaydi – ularning izidan borsangiz suvning chetigacha, kerak bo‘lsa undan ham narigacha borishingiz mumkin. Qirg‘oqqa yaqin joylarda suv to‘lqinlari uzra stakanlar va shisha butilkalar suzayotganini ko‘rasiz. Bunday joylarda qanday qilib o‘tirish mumkinligi aqlga sig‘maydi. U yerda suzishni o‘ylash esa dahshatning o‘zi.
Lekin shuncha chiqindi uchun aybni faqat Bali ahliga yoki o‘zlarini ortidan tozalab ketmaydigan sayyohlarga ag‘darish ham kerak emas. So‘nggi bir necha yil qish oylari orolda plastmassa mavsumiga aylandi.
Dengiz oqimlari janubiy-g‘arbiy sohiliga suzadi (barcha eng mashhur dam olish maskanlari joylashgan). U yerda esa qo‘shni hudud Yava orolidan kelgan chiqindilar yig‘ilib qolgan. Indoneziya dunyodagi eng ko‘p chiqindi chiqaruvchi mamlakatlardan biri bo‘lib, bu yerda bir martalik plastmassa idishlardan juda ko‘p foydalaniladi. Bunday qoldiqlarning barchasi dastlab mahalliy daryolarda oqadi, keyin dengizga chiqadi. Dekabrdan martgacha bo‘lgan vaqtda esa sayyohlar jannat deb hayol qilgan Bali qirg‘oqlarigacha oqib boradi.
Dengiz oqimlari sohilga faqat platmassa uyumini tashisa mayli edi. Ba’zan Kut, Seminyak, Jimbaran va boshqa cho‘milish havzalarida katta yog‘och xodalar ham suzib yurganiga guvoh bo‘lamiz.
Balki g‘alati eshitilishi mumkin-u, ammo ba’zilarga bu narsalar umuman ta’sir qilmaydi. Odamlar mana shu chiqindi butilkalar orasida bemalol shezlongda uzala tushib yotadilar!
Mana shu axlatlar orasida farzandlari qum o‘ynab yurishiga ham yo‘l qo‘yib beradi!
Ba’zilar xatto mana shu iflos joylarda selfiga ham tushadi!
Mahalliy hokimiyat va qirg‘oqdagi mehmonxona egalari bunday vaziyat orolda turizmga jiddiy zarar yetkazishi va daromadning katta qismidan mahrum qilishi mumkinligini tushunadilar. Shuning uchun qimmat mehmonxona yaqinidagi sohil ishchilar va ko‘ngillilar tomonidan har kuni ertalab tozalanadi. Ular erta tongda katta supurgi va xaskash bilan keladi, kechadan buyon to‘planib yotgan chiqindilarni katta qoplarga solib, qayergadir olib ketishadi. Umid qilamanki, olib ketilayotgandan plastmassalar daryoning boshqa bir joyiga tashlab yuborilmaydi, balki qayerdadir qayta ishlanadi.
Sohildagi ayrim joylarda qimmatbaho mehmonxona maydonining hududi qayerda tugashi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Buni farroshlarning ishidan ko‘rsangiz bo‘ladi.
Dam olishga kelganlarning aksariyat qismi ochiq sohilda emas, balki sohil klublarida vaqt o‘tkazishni afzal ko‘radi. Bunga ajablanishning hojati yo‘q.
Bizning o‘zimiz ham 31-dekabr kuni vaqtimizni mana shunday klubda o‘tkazdik.
Qolgan kunlari esa biz dengizda emas, balki basseynda cho‘mila qoldik. Bali sohillari hafsalamizni juda ham pir qildi.
Agar tanishlaringizdan kimdir Instagram’dagi toza sohilni orzu qilib, Baliga otlangan bo‘lsa, ularga ushbu maqolani ko‘rsating. Orolda tozaroq sohillar bor, ammo ularga kirish uchun qo‘shimcha to‘lov qilishingizga to‘g‘ri keladi.
* * *
Ha, yana bir narsa... Bu muammoni faqat Bali bilan bog‘liq, aslida dunyoning boshqa burchagida boshqa jannatmakon sohilni topsa bo‘ladiku, deb hisoblamang. Toki odamlar shisha butilkalar, stakanlar, sellofan paketlardan ommaviy ravishda foydalanar ekan, ertami kechmi, dunyodagi sohillarning hammasi plastmassa chiqindilari bilan qoplanadi
Bir marta ishlatiladigan plastmassa mahsulotlari okeanlarni qanchalik ifloslashini juda ko‘p eshitganman. Qaysidir dengizda Fransiya maydoniga uch baravar keladigan plastmassa oroli hosil bo‘lganini ham eshitganman. Lekin endi o‘zim bu holatga yuzma-yuz kelib, bu qanchalar jirkanch ekanini his qildim.
Nima qilish kerak?
2019-yil yanvardan boshlab Balida bir martalik plastmassa idishlardan foydalanish taqiqlandi. Ammo ichimlik suvi faqatgina butilkalarda bo‘ladigan orolda bu taqiq qaydarajada amal qilinishi noma’lum. Hatto bu qonun ish bergan taqdirda ham muammo hal bo‘lmaydi. Chunki qish oylarida dengiz to‘lqinlari Yava tomondan bir uyum chiqindi olib kelaveradi.
Ertami kechmi, biz baribir haddan ortiq darajada plastmassa idishlarni ishlatishimizni anglashimiz kerak. Mana shu odatimiz haqida chuqur o‘ylab ko‘rishimiz kerak.
Izoh (0)