Keyingi yillarda pensiya sohasida talay ijobiy ishlar qilindi. Adliya vazirligi O‘zbekistondagi pensiya islohotlari haqida ma’lumot berdi.
Xususan, davlat rahbarining 2017-yil 2-fevralda “Pensiyalar va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz naqd shaklda beriladigan bo‘ldi.
Pensiya sohasida navbatdagi keng ko‘lamli, tarixiy muhim qadam Prezidentning 2018-yil 12-dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan amalga oshirildi. Unda quyidagi muhim o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan:
- 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha toifadagi ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi;
- fuqarolarga pensiya miqdorini belgilashda eng yuqori chegara eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobarigacha;
- yuqoridagi o‘zgarish nafaqat 2019-yil 1-yanvardan keyin pensiyaga chiquvchilarga, balki ushbu toifaga tushuvchi hozirgi kunda pensiya olib turgan pensionerlarga nisbatan ham tatbiq etiladi hamda ularning pensiyalari qayta hisoblab chiqiladi.
Ilgari yuqori miqdorda oylik ish haqi oluvchi fuqarolarga pensiyani hisoblashda faqat eng kam oylik ish haqining 8 barobarigacha bo‘lgan daromadi inobatga olinib, undan yuqori qismi hisobga olinmagan.
Misol uchun, o‘rtacha oylik ish haqi — 2,2 million so‘m va ish staji 35 yil bo‘lgan fuqaroga amaldagi tartib bo‘yicha pensiya hisoblashda 1621 ming so‘m (eng kam ish haqining 8 baravari) inobatga olingan (qolgan qismi, ya’ni 579 ming so‘m hisobga olinmagan), shundan kelib chiqib ushbu summaning 55 foizi, ya’ni pensiyaning tayanch miqdori (891 550 so‘m) belgilanib, talab etiladigan (25 yil) dan ortiqcha ishlagan 10 yilning har bir yili uchun 1 foizdan qo‘shimcha hisoblanib, pensiyaning umumiy miqdori 1 054 ming so‘mni tashkil etar edi.
Yangi tartib bo‘yicha esa, ushbu fuqaroga o‘rtacha oylik ish haqi 1 621 ming so‘m emas, 2 027 ming so‘m (EKIH ning 10 baravari) miqdorida hisobga olinadi. Bunda pensiyaning tayanch miqdori 1 115 ming so‘mni, ortiqcha ishlagan yillar uchun qo‘shimchani hisobga olgan holda pensiyaning umumiy miqdori 1 317 ming so‘mni tashkil etadi yoki 263 ming so‘mga oshadi.
O‘zbekiston Respublikasida jami 3,4 million pensioner mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, farmonga asosan jami 533 ming nafardan ortiq pensionerning pensiya miqdorlari o‘rtacha 65 ming so‘mdan 265 ming so‘mgacha oshgan. Shundan 72 601 nafari ishlovchi pensionerdir.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida bu sohada ijobiy o‘zgarishlar davom etishi, xususan islohotlarning keyingi bosqichida pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori bo‘yicha cheklovlar ham butunlay bekor qilinishini ta’kidladi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan farzandlarni tarbiyalayotgan onalar uchun ham nafaqa joriy etilishi alohida ta’kidlandi.
Moliyaviy jihatdan jiddiy islohotlar amalga oshirilayotgan, budjetga soliq tushumlari kamayishi taxmin qilinayotgan ushbu yilda bunday kuchli ijtimoiy siyosatni yuritish juda katta mas’uliyat va iroda talab qilishi kundek ravshan.
Shunga qaramasdan, islohotlar haqida ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim muhokamalarni o‘qib ikki xulosaga kelish mumkin: birinchidan, islohotlarning haqiqiy mazmun-mohiyati haqida tegishli davlat tashkilotlari yetarli ma’lumot bera olmayapti; ikkinchidan, ayrimlarga shukronalik tushunchasi begona bo‘lib borayotganday.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga to‘g‘ri va tezkor yetkazish davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Izoh (0)