Qashqadaryoda 83-yoshli fuqaro noma’lum haydovchining aybi bilan halok bo‘ldi, deb xabar berdi IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida 2019-yil 6-yanvar kuni taxminan soat 19:00 va 20:00 oralig‘ida noma’lum haydovchi davlat raqamlari aniqlanmagan kul rangli Nexia rusumli avtomashinani “Esat-Tanxoz” yo‘lining 26-kilometrida haydab ketayotib, piyoda, Yangiobod MFYda yashagan 83 yoshli X.P ni urib yuborib, voqea joyidan ketib qolgan. Natijada X.P jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay vafot etgan.
Ushbu yo‘l-transport hodisasini sodir etgan noma’lum haydovchini aniqlash va ushlash choralari ko‘rilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib bormoqda.
“Hurmatli fuqarolar, agar orangizda ushbu holatga guvoh bo‘lganlar, haydovchi va avtomashina haqida biron-bir ma’lumotga ega insonlar bo‘lsa, ichki ishlar organlarining hududiy bo‘limlariga murojaat qilishingizni yoki “102” telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)